Bilet operatsiyalarining yagona elektron tizimi sinov rejimida ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimizning to‘rtta madaniyat muassasalari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbek milliy drama teatri, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri va Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi uchun sinov usulida tizimdan foydalanish imkoniyatlarini ochib beradi. Sinov davrida ushbu muassasalarning xodimlari tizimdan foydalanishni boshlashlari hamda uni qanday boshqarishni o‘rganishlari mumkin. Sinov muddati tugagandan so‘ng, chiptalarni sotish boshlanadi va barcha davlat teatrlari, muzeylar va Madaniyat vazirligiga qarashli barcha tashkilotlar BOYETga ulanadi. Sinov muddati 2020 yil yozining oxirigacha davom etadi.

Tizimni joriy etishdan asosiy maqsad ushbu sohada shaffof muhitni yaratishdan iboratdir. Sohada regulyatorning paydo bo‘lishi raqobat muhitini yaxshilaydi, bozorni monopoliyadan chiqarishga olib keladi, sotuvchilar va korruptsionerlarning ishini murakkablashtiradi, shuningdek, sinergetik ta'sir tufayli barcha manfaatdor tomonlarning daromadlarini oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. BOYET chayqovchilik uchun jiddiy to‘siqlar yaratibgina qolmay, tomoshabinlarga eng mashhur tadbirlarga kirishda chiptalar uchun ikki baravar ortiqcha haq to‘lamaslikka imkon yaratadi.

Tizimni ishga tushirishning ushbu bosqichida blokcheyn texnologiyasini joriy etish ham amalga oshirildi. Mazkur texnologiya chiptalarni sotilishida yanada shaffoflikni ta'minlash bilan birga, chiptalarni sotish bilan bog‘liq har qanday holat ushbu texnologiya bilan himoyalangan ma'lumotlar bazasida qayd etiladi. Ushbu texnologiyani BOYETda joriy etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Gayane Umerovaning sport.uz uchun bergan intervyusida o‘qishingiz mumkin.

BOYETning yaratilishi mavjud onlayn-savdo platformalarining (iticket.uz, myticket.uz va h.k.) internet orqali kino, teatr, konsert va sport tadbirlariga chipta sotish uchun faoliyatini cheklamaydi. Yaratilgan raqobat muhiti xaridor uchun qulay va mos serverni tanlash huquqini uning o‘zida qoldiradi.