Berlindagi yangi “Djeyms Simon” galereyasi 2022 yilda Markaziy Osiyo merosi ko‘rgazmasini taqdim etadi

Kecha Berlinda yangi galereyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bino taniqli britaniyalik arxitektor Devid Chipperfild loyihasi asosida qad ko‘tarilgan bo‘lib, Shpree daryosida joylashgan Muzey oroliga o‘ziga xos asosiy kirish joyi bo‘lib xizmat qiladi. Aynan ushbu binoda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi 2022 yilda Berlin tarixgacha bo‘lgan davr va ilk tarix muzeyi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo merosi: Ahmoniylardan Kushongacha” nomli ko‘rgazmani o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Yangi majmuaning umumiy maydoni, yer osti qismini hisobga olgan holda, qariyb 11 ming kvadrat metrni egallaydi. Galereya 10 mingga yaqin san'at asarlarini Berlin muzeylariga hadya qilgan taniqli mesenat Djeyms Simon nomi bilan ataladi. Yangi bino YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Muzey orolini yangilash bo‘yicha loyihasining bir qismi hisoblanadi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2018 yil yanvarda Germaniyaga tashrifi chog‘ida
madaniy-gumanitar tadbirlar davrasi doirasida 2019 yilning 16 yanvar' kuni Berlinda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi va Berlin davlat muzeylari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Aynan mazkur hujjatda 2022 yilda Berlinda ko‘rgazma o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Ko‘rgazmaning maqsadi – hozirgi O‘zbekistonning hududida joylashgan Markaziy Osiyoning ilk davlatlari (eramizdan avvalgi VI asr va eramizning I-IV asrlari) tarixini namoyish qilish.

Joriy yilning aprel' oyida mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish doirasida O‘zbekistonga Berlin tarixgacha bo‘lgan davr va ilk tarix muzeyi direktori, O‘rta asr davri arxeologi Matias Vemxoff hamda mazkur muzeyning Rossiya va Sharqiy Yevropa bo‘yicha loyihalar bo‘yicha bosh kuratori, doktor Manfred Navrot tarkibidagi delegasiya tashrif buyurdi.
Nemis olimlari o‘zbek hamkasblari bilan muzokaralar va suhbatlar o‘tkazdi, shuningdek, o‘tkaziladigan ko‘rgazma eksponatlarini saralash uchun O‘zbekiston muzey kolleksiyalari bilan dastlabki tadqiqot ishlarini olib bordi.

Manfred Navrot, Berlin davlat muzeylari  Rossiya va Sharqiy Yevropa bo‘yicha loyihalar bo‘yicha bosh kuratori:

- Hozir biz 2022 yilning mart oyida ochilishi rejalashtirilayotgan ko‘rgazmaning konsepsiyasini ishlab chiqish jarayonining yakuniy bosqichidamiz. Mazkur ko‘rgazmada eramizdan avvalgi birinchi ming yillikdan boshlab, eramizning birinchi ming yilligigacha bo‘lgan davrdagi O‘zbekiston madaniyati va taraqqiyotiga doir eksponatlar namoyish etiladi. Ko‘rgazma Grek-Baktriya va Kushonlar davrlari, Xorazm imperiyasi, Aleksandr Makedonskiy nomi va Markaziy Osiyo tarixining boshqa ko‘plab bosqichlari bilan bog‘liq bo‘ladi.