«Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari» audiokitobi ingliz, rus, oʻzbek va nemis tillarida nashr etildi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi joriy yilning fevral oyida Toshkentda Jamg‘armaning nashriyot dasturi doirasida nashr etilgan birinchi bolalar kitobini taqdim etdi. "Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari" kitobiga 40ta hikoyalar kiritilgan bo‘lib, ular o'zbek, rus, nemis va ingliz tillaridagi tarjimalarda berilgan. Ushbu nashrning e’tiborli jihati shundaki, kitob O'zbekiston va Germaniya maktabgacha ta'lim muassasalari bolalarining bevosita ishtirokida yaratilgan. Ularning chizmalari hikoyalar uchun rasm sifatida tanlab olingan. Illyustratsiyalarni saralab olish uchun Jamg‘arma tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Berlindagi Maktabgacha ta’lim sindikati hamkorligida tanlov tashkil etildi.

Kitobga taniqli o'zbek va nemis aktyorlari tomonidan o‘qib berilgan hikoyalarning ko‘p tovushli audio yozuvi bo'lgan CD ko‘rinishidagi kompakt disk qo'shilgan. Endi ushbu audiokitobni barcha tinglashi mumkin. Jamg'arma ushbu audio yozuvni o'zining YouTube kanalida e'lon qildi.

"Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari" kitobi Jamgʻarma va Germaniyaning Cultur-Сooperation International e.V kompaniyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi ko`magida O`zbekistonning madaniyati va san`atini xorijda ommalashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarning natijasidir.