O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Assouline” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. 2024-yilning boshida Oʻzbekistonning XIX asrdagi toʻqimachilik hunarmandchiligining boy merosiga bagʻishlangan “Ipak va oltin: Liboslarning muhtasham san’ati” kitobi chop etildi.
 
Kitobxonlar O‘zbekistonning tarixiy liboslari va an’anaviy naqshlari, Buyuk Ipak yo‘lining O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatining shakllanishiga o‘tkazgan ta’sirini o‘rganishlari, hunarmandlarning tashqi dunyo bilan muntazam ijodiy almashinuvlariga doir tafsilotlarga oshno bo‘lishlari mumkin.
 
Risola zarbof chopon, suratli gilamlar, ikat shoyisi, zargarlik buyumlari kabi turli san’at asarlari bilan tanishtiradi. Bu sanʼat asarlarining barchasi chuqur ma’no kasb etib, ularni tayyorlashda asrlar davomida mohir ustalardan shogirdlarga meros bo‘lib kelayotgan anʼanaviy sir-asrorlardan foydalanilgan.
 
Turli yillar davomida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining “Assouline” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorligida “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l”, “Oʻzbekistonning jonli xazinalari: hunarmandlik tantanasi”, “Avangard Sharq ixlosmandlari” va “Rus avangardi” kabi bir nechta kitoblar nashr etilgan.
 
Kitoblar O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosi, me’moriy va tabiiy manzaralari, yurtimizning amaliy bezak san’ati va zamonaviy hunarmandlari hamda Igor Vitalyevich Savitskiyning avangard merosiga bag‘ishlangan.
 
Kitob O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan muallif Yaffa Assulin va dovrug‘i yetti iqlimga tanilqan mashhur fotosuratchi Laziz Hamani hamkorligida tayyorlandi.
 
Nashr qattiq ipak muqovada ingliz tilida mavjud.