2024-yil 20-aprelda Venetsiyada (Italiya) keng jamoatchilik uchun 60-Venetsiya zamonaviy sanʼat biennalesi o‘z ishini boshlaydi. “Chet elliklar har yerda” (Foreigners Everywhere) shiori 60-Venetsiya biennalesi kuratori Adriano Pedrosa tomonidan e’lon qilingan mavzudir.
 
Bugun O‘zbekiston milliy pavilionining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda “Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma” (Don’t Miss the Cue) ko‘rgazmasi taqdim etildi. Pavilion g‘oyasi Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazining muhofizligi ostida yaratilgan. Loyiha o‘zbekistonlik rassom Aziza Qodiriy tomonidan yaratilgan bo‘lib, pavilion namoyish ashyolarini yaratish ustida esa u bilan birga “Qizlar Collective” nomli mo‘yqalam sohibalaridan iborat Toshkent guruhi faoliyat yuritmoqda. Ko‘rgazmada so‘zanalar ustasi Madina Qosimboeva tomonidan Qodiriy chizmalari asosida qo‘l mehnati bilan tikilgan asarlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaning bosh asari bo‘lmish teatr pardasi ham Madinaning ijod mahsulidir.

“Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma!” ko‘rgazmasi markaziy osiyolik xotin-qizlarning kechinmalari orqali mansublik va o‘zlikni anglash mavzulariga to‘xtalib, ular migratsiya jarayonida hayot past-balandliklaridan xabardor holda tadabbur qilish va o‘zlarini qayta anglashni tadqiq etadilar.
 
“Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma!” ko‘rgazma loyihasining g‘oyasi biennale e’lon qilgan mavzu bilan chambarchas bog‘liqdir. Pavilionda hozir bo‘liboq, tashrif buyuruvchilar qurilmalarga duch kelish barobarida o‘zlarining shaxsiy kechinmalarini anglagan holda migratsiyaning murakkab yo‘lini bosib o‘tadilar. Namoyish buyumlari XX asr boshlarida butun Yevroosiyoda joylashgan Madaniyat uylaridan ilhomlangan teatr sahnalari parda ortidagi muhitni vujudga keltiradi.
 
Teatrlarga xos vaziyat anʼanaviy liboslar andozalari asosida yaratilgan qurilmalar bilan jonlanadi va “Qizlar Collective” rassom ayollar guruhining audiovizual materiallari bilan boyitilgan. Loyiha ayollarning hikoyalari, jamoaviy amaliyotlar hamda jismoniy vujud va uning tevarak-atrofidagi olam o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga urg‘u beradi.
 
Ko‘rgazma, shuningdek, texnologiya va an’analar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganadi. O‘zbekistonga xos qo‘lda tikilgan so‘zana kashtasi sun’iy texnologiya yordamida qayta talqin qilinadi. Sun’iy idrok tomonidan qayta ishlangan so‘zananing bizga tanish naqshin gullari o‘zining asl qiyofasini butkul yo‘qotib, ularni tanib olib aniqlash deyarli ilojsiz bo‘lib qoladi. Mazkur kombinatsiya nafaqat an’anaviy naqshlarni qayta anglash, balki zamonaviy dunyodagi madaniy o‘zgarishlarga ham urg‘u beradi. Buning sharofati bilan tashrif buyuruvchilar barcha qurilmalar bo‘ylab harakatlanar ekanlar, bu jarayonda shaxsiy tajribalari xotiralarida yangilanib, ularda texnologiyaning madaniyat va o‘zlikni anglashga bo‘lgan ta’sirini chuqurroq tushunish imkoni tug‘iladi.

2024-yilda ilk bor kurator sifatida Toshkentdagi Zamonaviy sanʼat markazi faoliyat yuritadi.
 
Alohida qo‘llab-quvvatlov: Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi
 
Loyiha rahbari: Gayane Umerova, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi
 
Kurator: Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi
 
Rassom: Aziza Qodiriy
 
Ijodiy jamoa: “Qizlar Collective”
 
 
Matbuot uchun muloqot:
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Matbuot xizmati press@acdf.uz
 
Instagram:
acdfuz