YUNESKOning “Ijodkor shaharlar tarmog‘i” dasturiga 2004-yilda asos solingan bo‘lib, uning ro‘yxati har ikki yilda yangilanib boriladi. U shaharlarning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy integratsiyalashuvi va dunyoda madaniyat taʼsirini kengaytirishning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanmish ijodkorlikka sarmoya kiritishga bel bog‘lagan shaharlar oʻrtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish chaqirig‘iga xizmat qiladi.
Dastur doirasida BMT tashabbuslari, jumladan, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari qoʻllab-quvvatlanadi. Hozirda ushbu dasturga dunyoning 300 ga yaqin shaharlari kiritilgan.
“Ijodkor shaharlar tarmog‘i” 7 ta kreativ yo‘nalish: amaliy bezak va xalq san’ati, dizayn, kino, gastronomiya, adabiyot, media san’ati va musiqadan iborat. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Buxoroni amaliy bezak va xalq san’ati yoʻnalishi bo‘yicha hamda Buxoroda ijodkorlikning mazkur sohasini rivojlantirishning 4 yillik rejasini taqdim etdi.
“Buxoro YUNESKOning nufuzli “Ijodkor shaharlar tarmog‘i” dasturiga qo‘shilganidan chuqur iftixor tuyg‘usini tuyaman. Buxoroning tarixiy va madaniy merosi jahon hamjamiyatining munosib e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi O‘zbekistonning YUNESKO doirasida qo‘shadigan hissasini yanada mustahkamlashiga aminman”. – Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi.
2025-yilda Buxoroda zamonaviy dizayn va hunarmandchilik bo‘yicha birinchi biennale bo‘lib o‘tadi. Buxoroda biennalening o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun mamlakatimizning xalqaro san’at hamjamiyatiga mansub bo‘lgani e’tirofi hamda dunyodagi madaniy va tarixiy nufuzini yuksaltirish kabi muhim maqsadlarni ko‘zlaydi.
Biennaleni o‘tkazish sharofati bilan mahalliy usta va musavvirlarda xalqaro hamkasblari bilan o‘zaro bahamjihat muloqot qilish imkoniyati tug‘iladi. Bu esa mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvi hamda an’anaviy hunarmandchilik salohiyatini zamonaviy manzara vaziyatida yangi joziba bilan kashf etilishida zalvarli ustuvorligini belgilab beradi.
“YUNESKO qabul qilgan qaror O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida ijodkorlik sohasini rivojlantirishda yangi bosqichdir. Buxoro qadimiy tarixga ega shahar bo‘lib, xalq amaliy san’ati shahar madaniyatining birlamchi omillaridan biri bo‘lib kelgan. Belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiq Jamg‘arma O‘zbekiston madaniy salohiyatiga oid xabardorlikni nafaqat xorijda keng ommalashtirish, balki milliy madaniy va ijodiy muhitni kengaytirish va rivojlantirishga intiladi. Mazkur xushxabar 2024-yil 2–4-oktabr kunlari yurtimiz mezbonlik qiladigan IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot anjumani arafasida O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi”. – Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi.
Ushbu tarmoqning ishtirokchi shaharlari ijodkorlik va madaniy sohalarni rag‘batlantirish, ilgʻor tajribalarni almashish, madaniy hayotda qatnashish darajasini oshirish hamda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot rejalarini ishlab chiqishda madaniyatni inobatga olish maqsadlarida hamkorlik qilish va sheriklik munosabalatlarni rivojlantirish majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.