Ushbu erishilgan yutuqni nishonlash va an’anaviy hunarmandchilik sohasida xalqaro madaniy almashinuvni yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida o‘zbek hunarmandchiligining yuragi bo‘lmish ko‘hna Buxoroda 30–31-may kunlari bahs-munozaralar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar kabi maxsus tadbirlar o‘tkaziladi.
30-may kuni madaniy tadbirlar dasturi “Homo Faber Guide”ning “O‘zbekistonga oid bobi” taqdimoti bilan ochiladi. Uni Mikelanjelo jamg‘armasining ijrochi direktori Alberto Kavalli va O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori Gayane Umerova olib boradilar. “Hunarmandlik kuchi” nomli sho‘ba yig‘ilishida taniqli dizayner va hunarmandlar Nada Debs (Livan) va Ahmad Angaviy (Saudiya Arabistoni) ham ishtirok etadilar.
“Biz Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu hamkorlik ham O‘zbekistonga oid alohida bob, ham markaziy osiyolik ilk usta hunarmandlarning “Homo Faber Guide” yo‘riqnomasiga kiritilishiga bagʻishlangan barcha madaniy dasturning asosini tashkil etdi. Hunarmandchilik hayotni o‘zgartirishi mumkin degan e’tiqoddan kelib chiqib, Mikelanjelo jamg‘armasi hunarmandlarni mazkur sohani qadrlovchi muxlislar bilan tanishtirib, ularga barqaror xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishlariga hissa qo‘shadi, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlaydi va mohir hunarmandlikni rag‘batlantiradi. Biz turli hunarmandchilik ko‘nikmalarini nazarimizga tushirish, targ‘ib etish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida qadriyatlarimiz va ko‘zqarashlarimiz bilan baham ko‘rishgan maslakdosh hamfikr tashkilotlarning madadlariga tayanamiz. Biz Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining bebaho tavsiyalari sharofati bilan o‘zbekistonlik ustalarining bebaho xazinalarini kashf etishni sabrsizlik bilan kutib qolamiz”.
Alberto Kavalli,
Mikelanjelo jamg‘armasining ijrochi direktori
“Homo Faber Guide”da “O‘zbekistonga oid bob”ning paydo bo‘lishi an’anaviy o‘zbek madaniyatining ichki dunyosi borlig‘ini yanada teranroq anglash yo‘lidagi muhim qadamdir. Tarixi yuzlab yillarga borib taqaluvchi hunarmandchilikning qadr-qimmatini anglash orqaligina madaniy o‘zlikni asrab-avaylash haqida so‘z yuritish mumkin. Biz uchun “O‘zbekiston bobi”ning vujudga kelishi muayyan piri ustozlarning e’tirofigina emas, uning miqyosi ancha keng, ya’ni butun o‘zbek madaniyatining tan olinishidir.
Mikelanjelo jamg‘armasi zamonaviy dunyoda hunarmandchilikning o‘rnini anglab yetishda salmoqli hissa qo‘shayotgan maslakdosh mutaxassislar bilan uchrashish imkoniyatini berdi. Ishonchim komilki, hamkorligimiz davom ettiriladi, holbuki, oʻzbek hunarmandchiligi amaliyotlarini jahon madaniy makoniga singdirish, sanʼatshunoslar, dizaynerlar, madaniyatshunoslar va sohaning chinakam zarshunoslari bilan ijodiy muloqot orqaligina hunarmandchilik rivojiga yangi turtki baxsh etishimiz, an’anaviy turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin, busiz esa madaniyatni taraqqiy ettirish imkonsizdir”.
Gayane Umerova,
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori
“Homo Faber” yo‘llanmasi ro‘yxatiga o‘zbekistonlik ustalarni kiritilishiga bag‘ishlangan maxsus tadbirlar doirasida, Mikelanjelo jamgʻarmasi rahbarlari Samarqandga tashrif buyurib, mahalliy hunarmandlar va madaniy meros inshootlari bilan tanishadilar. Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Mikelanjelo jamg‘armasi kashtachilik yo‘nalishida tahsil olayotgan 10 nafar xorijlik talaba va yosh mutaxassislarga Buxoroga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik tengdoshlari va hunarmandlari bilan tajriba almashish, Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatiga sho‘ng‘ish, anʼana va urf-odatlar bilan tanishish hamda “Homo Faber Guide” ro‘yxatida keltirilgan taniqli hunarmandlar bilan shaxsan uchrashish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi.
Mazkur madaniy almashinuvni qo‘llab-quvvatlagan holda “Homo Faber Guide” muharriri Andrea Tomasi ham hunarmandchilik maskanlari, yetakchi mutaxassislar va ustalar haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida mamlakat bo‘ylab sayohat qiladi. Ushbu tadqiqot “Homo Faber Guide” saytida o‘zbek hunarmandchiligi an’analarining virtual makondagi tafsilotlarini 2023-yilning oxirigacha kengaytirishga qaratilgan.
“Homo Faber” loyihasi shafeligidagi Buxorodagi tadbirlar yangi yaxshi an’ana hisoblanib, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining o‘zaro anglashuv va turli hunarmandchilik amaliyotlariga hurmat bajo keltirish singari yuksak qadriyatlarga sadoqatini namoyish etuvchi har yillik tadbirga aylanishi lozim. Aynan jahon madaniy boyligi va hunarmandchiligining rang-barangligini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslar orqali an’anaviy o‘zbek hunarmandchiligi insoniyat madaniy merosidan munosib o‘rin egallay oladi.
Tadbirlar dasturi quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan:
– O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Mikelanjelo jamg‘armasi o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish;
– ijodkorlik va hunarmandchilikning xalqaro rivojlanishiga nisbatan O‘zbekistonning mavqeini namoyish etish;
– Buxoroning YUNESKO ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritilishda nomzod sifatida mavqeini mustahkamlash;
– Mikelanjelo jamg‘armasi loyihalari orqali mamlakat rivojiga ko‘maklashish uchun hunarmandlarni jalb etish;
– butun dunyo kashtachilik ustalarini zardo‘zlik san’ati bilan tanishtirish va mahalliy ustaxonalarda ijodkorlikni rag‘batlantirish.