2024-yil 18-iyul Toshkentdagi City Mall’da “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli jadidlarning ta’lim va maorif sohasidagi tashabbuslariga bag‘ishlangan yangi multimedia ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi. Namoyish ashyolari Germaniyaga o‘qishga yuborilgan turkistonlik talabalarning tarixi ochib beriladi. Maxsus “Jadidlar. Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasi uchun savdo markazida 1400 kv.metrdan ortiq maydonga ega alohida joy ajratilgan.
“Jadidchilik XX asr boshidagi zalvarli ijtimoiy-siyosiy va madaniy harakat sifatida Markaziy Osiyoni rivojlantirishda ustuvor rol oʻynagan. Jadidchilik mintaqadagi ko‘plab muhim o‘zgarishlarga turtki yasab, bugungi kunda jamiyatga hamon o‘z ta’sirini o‘tkazishda davom etmoqda. Tarixning ushbu bobi bilim va taraqqiyotga intilish jamiyatni qanday o‘zgartira olishi, to‘siqlarni yengib o‘tishga ko‘maklashishi va porloq istiqbol sari poydevor yarata olishi mumkinligini namoyish etadi”. – Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi.
“Jadidlar. Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasi keng jamoatchilik diqqat-e’tiborini Markaziy Osiyo tarixining muhim bobiga qaratishga qaratilgan. Jadidchilik bu yerda XX asr boshlarida vujudga kelgan peshqadam harakat sifatida mintaqa taʼlim tizimini tubdan isloh qilishda muhim rol oʻynagan.
“Yangi multimedia ko‘rgazma loyihasi jadidlar haqidagi ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlar uchun yangi, tushunarli va qulay shaklda qabul qilishga yordam beradi. Biz tarixni barcha avlod vakillari uchun ochiq va qiziqarli bo‘lishiga intilamiz toki tashrif buyuruvchilar jadidchilikning ahamiyati va uning zamonaviy dunyoga ta’siri haqidagi tasavvurlari boyisin”. – Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.
Ko‘rgazmada bir nechta bo‘limlar mavjud bo‘lib, unda tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev tomonidan saralab to‘plangan arxiv materiallari yordamida tashrif buyuruvchilarga moziyga g‘oyibona sayohat qilishdek betakror tajribani taqdim etuvchi uch tildagi tasviriy va ovoz qurilmalari taqdim etiladi.
“Ko‘rgazmada jadidlar navqiron avlodining ong-shuurlari yo‘g‘rilgan g‘oyalari va sa’y-harakatlari zamonaviy o‘zbek jamiyatining shakllanishiga qanday xizmat qilganini ko‘rsatib beruvchi noyob tarixiy hujjat, buyum va ashyolar taqdim etilgan. Umid qilamanki, ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar 73 nafar talabadan iborat jadidlar avlodining mintaqamiz madaniy-ma’rifiy merosiga qo‘shgan hissasiga munosib baho berib, ularning bilim va yuksaklikka intilishlaridan ilhomlanadilar”. – Bahrom Irzayev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Ko‘rgazmaning ssenografiyasi va ovozli hikoyasi jadidlar tarixi, ularning ma’rifat va milliy istiqlol yo‘lidagi orzu-umidlari mujassam multimedia proyeksiyalari orqali taqdim etilgan. Ko‘rgazma ssenografiyasining o‘zi jadidchilik davri talabalari haqida hikoya qiluvchi beshta solnomaviy va mavzuga aloqador hududlarga bo‘lingan.
Ko‘rgazmada jadidlar davriga oid nodir arxiv materiallari: maktublar, maqolalar va fotosuratlar ham namoyish etiladi. Ularning aksariyati ilk bor jamoatchilik e’tiboriga havola qilinmoqda.
XX asrning birinchi choragida Turkiston jadidchilik harakati namoyandalari ta’lim-tarbiya jamiyat taraqqiyotining eng ishonchli vositasi, deb hisoblaganlar. “Taraqqiy”, “Najot”, “Shuhrat”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston” “Sadoi Farg‘ona” gazetalari hamda “Oyina” jurnali jamiyatni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish maqsadida yaratiladi. 1922-yilning birinchi yarmida jadidlar tomonidan yoshlarni chet ellarda tahsil olish va madaniy almashinuv uchun tayyorlashda muhim rol o‘ynagan, ma’rifatparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalarini yanada rivojlantirishda tayanch va minbar bo‘lib xizmat qilgan “Ko‘mak” jamiyati tuziladi.
“O‘sha davrlar ijtimoiy va iqtisodiy qoloqlikni bartaraf etishni taqozo etar edi. Jadidlar taraqqiyotga faqat maorif orqaligina erishish mumkinligini anglab yetadilar. Ularning ta’lim sohasidagi islohotlari nafaqat yoshlarning savodxonligini oshirish va dunyoqarashlarining kengayishiga xizmat qiladi, balki kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy evrilishlarga ham zamin yaratadi. Jadidlar sa’y-harakatlari sharofati bilan maorif ijtimoiy hayotni o‘zgartirishning qudratli quroliga aylanib, Markaziy Osiyoning kelgusi rivojiga asos soladi”. – Adib Xolid, Karlton kolleji (AQSh) tarix fanlari professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassis.
“Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia ko‘rgazmasi ta’lim, madaniy almashinuv va taraqqiyot sari ezgu orzu-niyatlarning ahamiyati haqida mustaqil izlanish va fikr-mulohaza yuritish uchun taklifdir. Jadidlar tarixining yangi qirralarini kashf etishga yetaklovchi o‘tmish va bugungi kunning mushohadali hikoyalariga sho‘ng‘ing!
- Ko‘rgazma 18-iyuldan boshlab
- Har kuni soat 10:00-22:00 da ochiq bo‘ladi.
- Tashkent City Mall