Jidda shahrida “Va sarhadlar osha barcha jihatlar” nomli II islom san’ati biennalesi o‘z ishini davom ettirmoqda. Uning doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistonning islom madaniyati, ilm-fani va san’ati shakllanishida egallagan zalvarli o‘rniga urg‘u beruvchi nodir qo‘lyozma va osori atiqalarning maxsus saralangan to‘plamini taqdim etmoqda.


Eng qimmatli eksponatlardan biri VIII asr boshlarida Arabistonda bitilgan Qurʼoni Karimning eng qadimiy qoʻlyozmalaridan biri Katta Langar sahifalaridir. Qo‘lyozma uzoq vaqt Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” masjidida saqlangani bois shunday nom olgan. Mus’haf arab yozuvining eng ko‘hna uslublari bo‘lmish kufiy va hijoziy dastxatida teriga yozilgan. Sahifalarning o‘rtacha o‘lchami 53×35 santimetrni tashkil etadi. Betakror qo‘lyozma islom xattotligining eng salmoqli yutug‘i hisoblanib, O‘rta asr mirzalarining yuksak mahoratini namoyish etadi.


Ikkinchi islom sanʼati biennalesi Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz xalqaro aeroportining Haj terminalida 2025-yilning 25-mayiga qadar muxlislar uchun muntazir.