Tasviriy san’at galereyasida O‘rol Tansiqboyev katta yubileyining retrospektiv ko‘rgazmasi o‘z ishini davom etmoqda. Ko‘rgazmada O‘zbekiston va Qozog‘istonning eng yirik muzeylaridan 124 ta asar, shuningdek, ilgari chet ellarda hech qachon namoyish etilmagan nodir mato suratlar tadqim etilgan.
O‘rol Tansiqboyev ranglar kashfiyotchisi sifatida shuhrat qozongan edi: uning aksariyat mahobatli asarlari ranglarning ajoyib jilosi va mazmunan boy ekanini ko‘rsatadi. “Tog‘ daryosi” (1932) asarini ushbu rassomning kataloglarida ko‘p uchratmaysiz, ammo u o‘zining fayzli syujeti bilan tomoshabinlar e’tiborini darhol o‘ziga jalb etadi. Rangtasvir ustasi go‘yo tepalikdan turib voqealarni kuzatayotgandek: keng suv sathi, daraxtlarning yo‘g‘on shoxlari va mo‘jazgina sokin ovulni tasvirlagan. Ammo tafsilotlarga diqqat qilinsa, bu jihatlarga surat to‘la – soy bo‘yida chorva mollari o‘tlamoqda, o‘tovlar tevaragida odamlar mehnatda, o‘tloqda esa alvon gullar barq urib g‘uncha yozgan.
O‘rol Tansiqboyevning ijod saylanmasiga nazar ko‘rgazmasi Tasviriy san’at galereyasi (Buyuk Turon ko‘chasi, 2-uy)da 2025-yil 1-noyabrga qadar muxlislarga muntazir.
O‘rol Tansiqboyev, “Tog‘ daryosi”, 1932