“Samarkand Marathon” xalqaro yugurish turkumi “SheRACES” tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tdi
2025-yil 14-may, Toshkent – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Samarkand Marathon” xalqaro yugurish musobaqalari turkumi “SheRACES” xalqaro xayriya tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilganini ma’lum qiladi. “SheRACES”ning maqsadi sport musobaqalari davomida xotin-qizlar uchun tenglik va inklyuzivlikni yaratishdan iboratdir.
“SheRACES” tashabbusi yugurish musobaqalarida, ayniqsa, bugungi kungacha ularning ulushi past bo‘lgan murakkab masofalarda ishtirok etuvchi xotin-qizlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan. Tashkilot yanada inklyuziv sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq tavsiyalar beradi:
· Muloqotda xilma-xillik: reklama va targ‘ibot materiallarida ko‘proq xotin-qizlarning e’tiborini jalb etish maqsadida turli yosh, shakl va irqdagi ayollar tasvirlaridan foydalanish.
· Muloqot uslubi: “eng murakkab” yoki “xavfli” kabi atamalardan qochish, bu ayollar tomonidan yugurish musobaqalarida ishtirok etish qarorini qabul qilishda to‘siq bo‘lishi mumkin. Buning o‘rniga o‘rtacha tezlik, umumiy balandlik tafovuti va eng kam mashq talablari haqida ma’lumot berish.
· Oson moslashuvchan vaqt cheklovlari: ishtirokchilar uchun yengilroq nazorat vaqti va erta start imkoniyatini taklif etish, bu ro‘yxatdan o‘tgan yuguruvchilar sonini ko‘paytirishga yordam beradi.
· Logistika haqida batafsil ma’lumot: logistika, yo‘nalish, joylashuv, hojatxonalar, jihozlash bo‘yicha tavsiyalar va hokazolar haqidagi ma’lumotlarga ochiqlikni ta’minlash hamda yugurish yo‘lagi haqida batafsilroq ma’lumotlarni tashkil etish.
· Ishtirokni kechiktirish bo‘yicha adolatli siyosat: ayollarga tug‘ruqdan keyin musobaqalarga qaytishni qo‘llab-quvvatlagan holda jarimalarsiz, homiladorlik bo‘lgan taqdirda 2 (ikki) yilgacha muddatga ishtirok etishni kechiktirish imkoniyatini berish.
Ushbu chora-tadbirlar sport tadbirlarida ishtirok etayotgan xotin-qizlar uchun yanada do‘stona va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yaratishga qaratilgan.
2019-yilda tashkil etilganidan buyon “Samarkand Marathon” yugurish musobaqalari turkumining tashkilotchilari ishtirokchilar uchun qulay va inklyuziv muhitni yaratishga katta e’tibor qaratib kelmoqdalar. Tasviriy va matnli muloqotda millati, tayyorgarlik darajasi, yugurish tajribasidan qat’i nazar, ayollar tasvirlari, shaxsiy namunalar va hikoyalardan foydalaniladi. Tadbirlarda maxsus imkoniyatlar yaratilib, Mutlaq g‘olibalarni tayyorlashda ayollarning imkoniyatlari hisobga olinadi. 2025-yilda yugurish musobaqalari turkumidagi barcha tadbirlarda start joyida va yugurish yo‘laklariga alohida biohojatxonalar qo‘shiladi, u yerda ayollarning xususiy gigiyenik vositalari mavjud bo‘ladi hamda bola parvarishi xonasi jihozlanadi.
Festival tashkilotchisi:
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi
“Bizlar uchun har bir ayol yoshi, kasbi yoki erishgan hayot bosqichidan qat’i nazar, o‘zini ishonchli, qulay va xavfsiz his etadigan shart-sharoitlarni yaratish nihoyatda ahamiyatlidir. Zamonaviy ayolning turmush tarzi faollik, salomatlik va sportdan iborat va bu biz o‘tkazadigan sport tadbirlarida o‘z aksini topishi darkor. Aynan shuning uchun ham “SheRACES” tashabbusining akkreditatsiyasi biz uchun ahamiyatga molik qadamdir. O‘zbekiston yanada inklyuziv va ongli kelajak sari shahdam bormoqda. Ishonamizki, sportni ayniqsa ayollar va yoshlar o‘rtasida yuksaltirish zamonaviy sog‘lom jamiyat rivojiga hissa qo‘shadi”, - Gayane Umerova, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi.
“Bizning asosiy maqsadimiz “Samarkand Marathon” xalqaro yugurish musobaqalari turkumini imkon qadar ko‘p darajada inklyuziv va ochiq sport tadbiriga aylantirishdir. Biz istaymizki, har bir ishtirokchi jinsi, yoshi yoki tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar bizlarning yugurish musobaqalarimizda ishtirok eta olsin. “SheRACES” akkreditatsiyasi bu yo‘ldagi muhim qadamdir. Bu biz sport to‘siqlarni yaratish emas, balki har bir kishiga imkoniyat beruvchi muhitni yaratadigan to‘g‘ri yo‘nalish sari harakat qilayotganimizni tasdiqlaydi”. – Mirxon Sagitov, “Samarkand Marathon” yugurish musobaqalari turkumining muvofiqlashtiruvchi rahbari.
“SheRACES” haqida
“SheRACES” britaniyalik yuguruvchi Sofi Pauer xonim tomonidan asos solingan xalqaro tashabbus bo‘lib, uzoq masofaga yugurishda tenglik va inklyuzivlikni targ‘ib etishga qaratilgan. Tashkilot sportda xotin-qizlar duch keladigan to‘siqlarni bartaraf etish va musobaqalarda ishtirok etish uchun yanada adolatli shart-sharoitlarni yaratishga intiladi. “SheRACES” yuguruvchi xotin-qizlar uchun shart-sharoitlarni takomillashtirish, jumladan, oson moslashuvchan vaqt cheklovlari, inklyuziv marketing hamda homiladorlik va onalik davrida ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berish orqali yugurish musobaqalari tashkilotchilari bilan hamkorlik qiladi. “SheRACES”ning pirovard maqsadi barcha uchun teng va barobar imkoniyatlar hamda xavfsiz muhitni ta’minlash orqali xotin-qizlarni yugurishga ilhomlantirishdir.
“Samarkand Marathon 2025” tadbirlarining bosh hamkorlari:
Xalq banki O‘zbekistonda tashkil etilgan birinchi bank bo‘lib, 150 yildan ortiq tarixga ega. Bugungi kunda Xalq banki mamlakatning yetakchi moliyaviy muassasalaridan biri hisoblanib, ham jismoniy shaxslar, ham ishbilarmon doiralarga keng ko‘lamli xizmatlarni taklif etib keladi. Mamlakat aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i uning xizmatlaridan foydalanadi va bank yangi yo‘nalishlarni faol rivojlantirishda davom etmoqda.
xazna – moliyani boshqarish va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qulay va xavfsiz mobil ilova. Uning yordamida osongina pul o‘tkazish, to‘lovlarni amalga oshirish va onlayn xizmatlardan foydalanish mumkin. Murakkab bo‘lmagan interfeys va yuqori darajadagi xavfsizlik xaznani kundalik hayotda ajralmas yordamchiga aylantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi
“Samarkand Marathon Series” yugurish musobaqalari haqida:
“Samarkand Marathon Series” bu 2019-yilda boshlangan va xalqaro darajadagi loyihaga aylangan xalqaro xayriya turkumidir. Bugungi kunda unga “Sky Camp Bo‘stonliq”, “ZAAMIN Ultra”, “Bukhara Night Race” va “Samarkand Marathon” musobaqa tadbirlari kiradi. Turkum musobaqalardan ko‘zlangan maqsad madaniy muassasalarda inklyuziyani targ‘ib etishdan iboratdir.
events.samarkandmarathon.uz
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
Jamg‘arma O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish, kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda rassomlar uchun imkoniyatlar yaratish masalalari bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma keng miqyosli zalvarli madaniy tadbirlarni, shu jumladan Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi (WCCE) va xalqaro ko‘rgazma loyihalarini muvaffaqiyatli ravishda tashkil etib kelmoqda.
acdf.uz
Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish: skycamp.uz
“Samarkand Marathon” turkumiga mansub tadbirlar:
26–27-aprel kunlari Sky Camp Bo‘stonliq
14–15-iyun – “ZAAMIN ULTRA”
13-sentabr – “Bukhara Night Race”
8–9-noyabr – “Samarkand Marathon”