“O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” ko‘rgazmasi 2023-yilning 4-mayidan 2024-yilning 14-yanvariga qadar faoliyat ko‘rsatadi. Namoyish etiluvchi osori atiqalarga O‘zbekistonning 9 muzeyi sara to‘plamlariga mansub 285 muzey ashyolari kiritilgan.
Ko‘rgazma muhofizi o‘rta asrlar davri arxeologi, Berlin davlat muzeylari ilmiy loyihalari bo‘yicha bosh muhofizi Manfred Navrot va ilmiy yetakchi mutaxassis sifatida Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Jangar Ilyosov bo‘ladi.
Miloddan avvalgi IV asrning ikkinchi yarmida makedoniyalik Iskandarning istilosidan boshlab milodiy IV asrda Kushonlar hukmronligining oxirigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga qamrab oluvchi arxeologik topilmalarga bag‘ishlanadi. O‘zbekiston muzeylari sara to‘plamlariga mansub ko‘plab ashyo va buyumlar mamlakatdan tashqarida ilk bor namoyish etiladi. Ko‘rgazma loyihasidan ko‘zlangan maqsad yevropalik jamoatchilik vakillariga noma’lum bo‘lgan maftunkor tarix va madaniy sarhadlar manzarasi haqida keng qamrovli tasavvur uyg‘otishdan iboratdir.
Yangi (Neues) muzeyda namoyish etiluvchi ashyo va buyumlar Berlin davlat muzeylari sara to‘plamlaridan o‘rin olgan eksponatlar bilan to‘ldiriladi. Ko‘rgazmaning birinchi qismida makedoniyalik Iskandarning Yunonistondan Markaziy Osiyoga qilgan yurishiga murojaat etiladi. Muzey buyumlari arxeologik yodgorliklar tasvirga tushirilgan video tasmalardan foydalangan holda axborot tafsilotlari bilan yanada boyitiladi.
Jeyms Simon galereyasida ashyolarning ikkinchi qismi taqdim etilib, u taraqqiy etayotgan shahar madaniyati, zardushtiylik va buddaviylikdan iborat e’tiqodga alohida yo‘naltirilgan hamda eng yuksak pog‘onaga ko‘tarilgan badiiy ijod namunalariga ega Kushonlar saltanatiga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston muzey eksponatlari 2023-yilning 8-yanvaridan 5-fevraliga qadar Luvr muzeyi va Berlin davlat muzeylarining Ibtidoiy va qadimgi davr tarixi muzeyining 10 dan ortiq restavratorlari tomonidan birlamchi qiyofasiga qaytarilgan. Jami 43 dona muzey buyumlari qayta tiklandi. Restavratsiya qilingan osori atiqalar orasida miloddan avvalgi I asr – milodiy I asrga oid qadimiy Xolchayon xarobasidan topilgan chavandoz suvoriyning loydan yasalgan haykali, milodiy II-III asr boshlariga taalluqli Dalvarzintepa yodgorligida kashf etilgan saroy a’yoni haykali, miloddan avvalgi I asr – milodiy I asrga mansub Xolchayonga oid, kelib chiqishi hindu-eronlik bo‘lgan aravadagi Mitra ma’budasining haykaltaroshlik badiiy asari va hokazolar mavjud. Restavratsiya nafaqat buyumlarning dastlabki qiyofasiga qaytarish, balki soha mutaxassislari orasida tajriba almashish imkoniyatini ham berdi.
Berlindagi ko‘rgazma ochilishi arafasiga mo‘ljallab 2022-yilning sentabr oyida Surxondaryoning Uzundara, Qo‘rg‘onzol, Xolchayon, Dalverzintepa, Fayoztepa, Qoratepa, ko‘hna Termiz va Kampirtepa majmualari hamda Buxoroda suratga olingan hujjatli film taqdim etiladi.
Mazkur ko‘rgazma loyihasi doirasida nemis, o‘zbek va ingliz tillarida o‘zbekistonlik va xorijiy yetakchi mutaxassislarning ilmiy maqolalarini o‘z ichiga olgan ilmiy katalog chop etilishi rejalashtirilgan.