O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Italiyaning Venetsiya shahrida ikkita ko‘rgazma loyihasi doirasida ishlash uchun mediator lavozimiga ochiq tanlov e’lon qiladi.

 

1-loyiha: 2026-yilgi Xalqaro san’at biyennalesi doirasidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy pavilioni

2-loyiha: Venetsiyaning markaziy qismidagi vaqtinchalik makonda 2026-yilgi Biyennale parallel dasturining bir qismi bo‘lgan ko‘rgazma loyihasi

Mediatorlar ko‘rgazma maydonlarining asosiy vakillari bo‘lib, Biyennale davomida xalqaro auditoriya, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan kundalik ishlarni, shuningdek, professional aloqani ta’minlaydi.

 

Kimlar murojaat qilishi mumkin?
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari talabalari va bitiruvchilari, shuningdek, zamonaviy san’at, kuratorlik, madaniy va ko‘rgazma amaliyoti sohasiga qiziquvchi yosh mutaxassislar uchun ochiq.

Xalqaro san’at biyennalesi doirasida amaliy tajriba orttirishni istagan va xalqaro madaniy muhitda kasbiy rivojlanish motivatsiyasiga ega bo‘lgan nomzodlarga ustuvorlik beriladi.

 

Mediatorlar dasturi nimani taklif qiladi?
Dastur ishtirokchilarga zamonaviy san’at sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri doirasida professional ishlash va milliy pavilionning faoliyati jarayonlari bilan amaliy tanishish imkoniyatini beradi.

Mediatorlar xalqaro jamoatchilik, kuratorlar, rassomlar va muassasaviy hamkorlar bilan kundalik muloqot tajribasiga ega bo‘ladilar, shuningdek, Biyennalening asosiy ko‘rgazma maydonlariga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

 

Mediatorning vazifalari
Mediatorlar O‘zbekiston Milliy pavilionida ko‘rgazma xodimlari va madaniy vositachilar vazifasini bajaradilar. Ularning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

● Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarni kutib olish va ko‘rgazma, uning konsepsiyasi va ishtirokchilari haqida ma’lumot berish;

● Og‘zaki taqdimotlar o‘tkazish hamda individual va guruhli tashriflarni qo‘llab-quvvatlash;
● Xalqaro auditoriya bilan maqbul va professional aloqani ta’minlash;

● Davomat statistikasini yuritish va fikr-mulohazalarni olish;

● OAV va professional hamjamiyat vakillari bilan bog‘lanish aloqalarini to‘plash;

● Har kuni pavilionni ochish va yopish;

● Texnik guruh bilan birgalikda pavilionni tegishli holatda saqlash;

● So‘rovlarga binoan muloqot maqsadlari uchun qisqa matnlar va vizual materiallarni tayyorlash;

● Pavilion faoliyati to‘g‘risida muntazam hisobotlarni tayyorlash.

 

Ish davrlari
Mediatorning ishlash muddati 2,5 oygacha.

2026-yil 4-maydan 13-iyulgacha bo‘lgan 1-davr uchun 4 nafar mediator

2026-yil 13-iyuldan 1-oktabrgacha bo‘lgan 2-davr uchun 4 nafar mediator

2026-yil 1-oktabrdan 23-noyabrgacha bo‘lgan 3-davr uchun 4 nafar mediator saralab olinadi.

Mediatorlar ishini Biyennale o‘tkaziladigan joydagi mahalliy muvofiqlashtiruvchi, shuningdek, Jamg‘armaning O‘zbekistondagi loyiha menejeri nazorat qiladi.

Pavilion va parallel ko‘rgazma loyihasi Biyennale rasmiy jadvaliga muvofiq ishlaydi. O‘rtacha ish yuklamasi haftasiga 37 soat atrofida.

Ishni boshlashdan oldin tanlab olingan nomzodlar ko‘rgazmaning vazifalari, mazmuni va tashkiliy jihatlariga bag‘ishlangan onlayn kirish sessiyasida ishtirok etadilar.

 

Ishtirok shartlari
Tanlangan mediatorlarga quyidagilar taqdim etiladi:

●      Ish davri uchun turar joy to‘lovi;

●      O‘zbekistondan Venetsiyaga va ortga qaytish uchun avia parvoz;

●      Tashrif davomida tibbiy sug‘urta;

●      Biyennale akkreditatsiyasi va ko‘rgazma maydonchalariga kirish;

●      Loyiha jamoasi tomonidan tashkiliy va professional ko‘mak.

Moliyaviy va tashkiliy shartlar tanlab olingan nomzodlar bilan alohida aniqlashtiriladi.

 
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
Nomzodlardan quyidagilarni bajarish kutiladi:

● O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish;

● O‘zbekiston madaniyati va zamonaviy san’atini yaxshi bilish;

● Ingliz tilini og‘zaki va yozma ravishda erkin bilish;

● Boshqa xorijiy tillarni bilish afzallik hisoblanadi;

● Tegishli gumanitar, madaniy yoki ijodiy yo‘nalishlarda tahsil olayotgan yoki tamomlagan yoxud tegishli tasdiqlangan tajribaga ega bo‘lish;

● Ko‘rgazma, madaniy yoki ta’lim loyihalarida ishtirok etish tajribasiga ega ekanligiga ustunlik beriladi.

Biz xalqaro muhitda mustaqil ishlash qobiliyati, ilg‘or muloqot ko‘nikmalari, mas’uliyat va o‘zgaruvchan sharoitlarda ishlashga tayyor kishilarni qadrlaymiz.

 

Ariza topshirish shakli
Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi materiallarni ingliz tilida 2026-yil 22-fevralgacha Toshkent vaqti bilan soat 11:59 ga qadar biennale@acdf.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz lozim:

● Motivatsiya maktubi (taxminan bir sahifa);

● Rezyume (bitta PDF faylda);

● Ingliz tilidagi video tashrif qog‘oziga havola.

Xat mavzusida quyidagilar ko‘rsatilishi shart: “Open Call — Mediator, Art Biennale 2026”

Motivatsiya xatida, shuningdek, bog‘lanish uchun taxminiy qulay vaqt, ishtirok etishning afzal deb hisoblangan sanasi hamda qatnashish istalgan loyihani (milliy pavilion yoki parallel ko‘rgazma loyihasi) ko‘rsatish so‘raladi. Ko‘rsatiladigan afzal xohishlar tavsiyaviy tusga ega.