O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaning Himedzi shahrida 150 mamlakat vakillari to‘plangan EXPO 2025 Xalqaro ishtirokchilari yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida EXPO 2025 Yaponiya uyushmasi raisi o‘rinbosari va global kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori d-r Usubi Sako bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar olti oy davomida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston milliy pavilioni tadbirlarini dasturlashtirishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Uning doirasida jahon kun tartibidagi ustuvor masalalarni aks ettiruvchi, O‘zbekistonning innovatsion va madaniy salohiyatini tamsil etuvchi ishbilarmonlik davra suhbatlari, sho‘ba muhokamalari va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.
Avvalroq “Bilimlar bog‘i” nomli O‘zbekiston milliy pavilioni “A’lo darajadagi me’morchilik – yarmarka va ko‘rgazmalar” nomzodligi bo‘yicha Germaniya dizayn mukofotiga sazovor bo‘lgani zamonaviy texnologiyalar va milliy an’analarni o‘zida mujassam etgan g‘oyaning o‘ziga xosligini tasdiqlaydi.