Toshkent, O‘zbekiston, 2024. Joriy yil 20-aprel kuni Venetsiya (Italiya)da 60-Venetsiya zamonaviy sanʼat biennalesi ochiladi. “Chet elliklar har yerda” (Foreigners Everywhere) shiori 60-Venetsiya biennalesi muhofizi Adriano Pedrosa tomonidan bayon etilgan mavzudir.
Pavilionda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi kuratorligida yaratilgan “Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma!” (Don’t Miss the Cue!) ko‘rgazmasi taqdim etiladi. Loyihada o‘zbekistonlik rassom Aziza Qodiriy ishtirok etadi, pavilion uchun ko‘rgazma yaratish ustida esa u bilan birga “Qizlar Collective” mo‘yqalam sohibalaridan iborat Toshkent guruhi ishlamoqda. Pavilionda taqdim etilayotgan asosiy eksponatlar so‘zana ustasi Madina Qosimboyeva tomonidan qo‘lda tikilgan kashtalar turkumi bo‘ladi. Ko‘rgazmaning bosh asari bo‘lmish teatr pardasi ham Madinaning ijod mahsulidir.
“Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma!” ko‘rgazmasi markaziy osiyolik ayollarning tajribalari orqali mansublik va o‘zlikni anglash mavzulariga to‘xtalib, ular migratsiya jarayonida hayot past-balandliklaridan xabardor holda tadabbur qilish va o‘zlarini qayta anglashni tadqiq etadilar.
“Shaxsan men uchun ijodiy jarayonning hamkorlik jihati, ya’ni migratsiya, o‘zgarishlar va yengib o‘tishning turli kechinmalarini tamsil etuvchi ayollarning ovozlarini birlashtirayotgan lahza eng ahamiyatlidir. Birgalikda biz madaniy va tarixiy meros, xususan, an’anaviy “ayollar” hunarmandchiligi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘luvchi to‘qimachilik va liboslar – zamonaviy O‘zbekistonga xos o‘zlikni anglashni tadqiq etish vositasi sifatida san’at va texnologiya uyg‘unligi orqali qayta ko‘rib chiqmoqdamiz”, – Aziza Qodiriy, rassom.
“Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma!” ko‘rgazma loyihasining g‘oyasi biennale e’lon qilgan mavzu bilan uzviy bog‘liq. Pavilionda hozir bo‘liboq, tashrif buyuruvchilar qurilmalarga duch kelish barobarida o‘zlarining shaxsiy kechinmalarini anglagan holda migratsiyaning murakkab yo‘lini bosib o‘tadilar. Namoyish buyumlari XX asr boshlarida butun Yevroosiyoda joylashgan Madaniyat uylaridan ilhomlangan teatr sahnalari parda ortidagi muhitni yaratadi.
Teatrdagi vaziyat anʼanaviy liboslar andozalari asosida yaratilgan haykallar bilan jonlanadi va “Qizlar Collective” rassom ayollar guruhining audiovizual materiallari bilan boyitilgan. Loyiha ayollarning hikoyalari, jamoaviy amaliyotlar hamda jismoniy vujud va uning tevarak-atrofidagi olam o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga urg‘u beradi.
“O‘zbekiston milliy pavilioni faoliyatida ishtirok etish men uchun katta sharafdir. Kashtachilik bilan mana 25 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. O‘tgan vaqt mobaynida men bilan 500 nafardan ortiq kashtado‘z shogird xotin-qizlar hamkorlik qildilar. Butun umrim davomida hayotimni “ayollar mushtarakligi" tushunchasiga bag‘ishlaganman. Kashtachilik – bu yagona inson uddalab bajaradigan yumush emas. Buning uchun jamoa kerak, bizning misolimizda esa – safdosh ayollar. Hatto qadim zamonlarda ham har bir qiz o‘z sepi uchun kashta tikkanida, unga uning qarindosh va dugonalari yordam berganlar. Mohir ustaning ishi doimiy izlanishdan iborat. Biz Aziza Qodiriy bilan kashtachilik orqali yakdil ayollar jamoasi g‘oyasini namoyish etamiz. Bu o‘ta qiziqarli tajriba bo‘lib, ishonchim komilki, pavilionga tashrif buyuruvchilarni befarq qoldirmaydi”, - Madina Qosimboyeva.
“Biz uchun ayolning o‘zligini anglash mavzusini ochib berish o‘ta muhimdir. Loyiha konsepsiyasi zamiriga yo‘g‘dirilgan badiiy ma’nolar namoyish ashyolarining o‘zida ham, ayollarning ovozi va kechinmalariga o‘rin berishga intilayotgan katalogda ham o‘z aksini topgan. O‘zbekiston milliy pavilioni ustida birgalikda ishlash butun jamoa uchun ajoyib va ahamiyatga molik tajribadir”, – Anastasiya Kurilyova, “Qizlar Collective” ijrochi direktori va muvofiqlashtiruvchisi.
Ko‘rgazma, shuningdek, texnologiya va an’analar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganadi. O‘zbekistonga xos qo‘lda tikilgan so‘zana kashtasi sun’iy texnologiya yordamida qayta talqin qilinadi. Sun’iy idrok tomonidan qayta ishlangan so‘zananing bizga tanish naqshin gullari o‘zining asl qiyofasini butkul yo‘qotib, ularni tanib olib aniqlash deyarli ilojsiz bo‘lib qoladi. Mazkur kombinatsiya nafaqat an’anaviy naqshlarni qayta anglash, balki zamonaviy dunyodagi madaniy o‘zgarishlarga ham urg‘u beradi. Buning sharofati bilan tashrif buyuruvchilar barcha qurilmalar bo‘ylab harakatlanar ekanlar, bu jarayonda shaxsiy tajribalari xotiralarida yangilanib, ularda texnologiyaning madaniyat va o‘zlikni anglashga bo‘lgan ta’sirini chuqurroq tushunish imkoni tug‘iladi.
O‘zbekiston milliy pavilioni ilk bor 17-Venetsiya me’morchilik biennalesida 2021-yilda taqdim etilgan, shuningdek, O‘zbekiston 2022-yildagi 59-biennale va 2023-yilgi 18-me’morchilik biennalesida ishtirok etgan. 2024-yilda ilk bor kurator sifatida Toshkentdagi Zamonaviy sanʼat markazi faoliyat yuritadi.
Alohida qo‘llab-quvvatlov: Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi
Loyiha rahbari: Gayane Umerova, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi
Kurator: Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi
Rassom: Aziza Qodiriy
Ijodiy jamoa: “Qizlar Collective”
Matbuot uchun muloqot:
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Matbuot xizmati press@acdf.uz
Instagram:
acdfuz
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.
acdf.uz
Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi Markaziy Osiyoda zamonaviy madaniyatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash makonidir. Bino 1912-yilda qurilgan. Inqilobgacha u yerda shaharning birinchi tramvay yo‘nalishi uchun quvvat ishlab chiqaruvchi dizel elektr stantsiyasi joylashgan bo‘lgan. Aynan shu yerda Toshkentni elektrlashtirish jarayoni boshlab berilgan. Yana aynan shu joyda zamonaviy O‘zbekiston badiiy muhitining yangilanishi boshlanadi. Markaz 2019-yilda ochilgan bo‘lib, shundan buyon sinov tarzida ishlab kelmoqda. Markazda bolalar va kattalar uchun ma’ruzalar, jamoatchilik muhokamalari, filmlar namoyishi, mahorat darslari o‘tkazilgan. Markazda ma’ruzalar o‘qish uchun AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Singapur va o‘zbekistonlik rejissyorlar, rassom, muhofiz, me’mor, muzey xodimlari hamda korxona rahbarlari taklif etilganlar. 2021-yilning oxirida Markazda italiyalik me’mor, sanʼatshunos, muhofiz va muharrir Jozef Grimning Venetsiya biennalesidagi O‘zbekiston milliy pavilionida namoyish etilgan “Dixit Algorizmi” koʻrgazmasi ochilgan.
Aziza Qodiriy (1994-y.da tug‘ilgan). Kengaytirilgan voqelik (AR/VR), jonli/raqamli ijro, tajriba-sinov liboslar va toʻqimachilikka ixtisoslashgan serqirra va koʻp tarmoqli rassom. Qodiriyning yondashuvi ham jismoniy, ham raqamli olamga g‘arq bo‘lish tajribalarini yaratishga xizmat qiluvchi hamkorlik va fanlararo uslublarning qorishmasiga asoslanadi. U, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlar ishtirokidagi amaliyotlarga qiziqadi. Uning loyihalari migratsiya (ham ixtiyoriy, ham majburiy), ijtimoiy begonalashtirilish, o‘zlikni anglash, mustamlakachilikdan ozod bo‘lish, feminizm va til mavzularini tadqiq etadi.
“Qizlar Collective” bu 2022-yilda asos solingan, oʻzbekistonlik faol ayollar, madaniyat va sanʼat arboblaridan iborat mustqail birlashgan jamoadir. Jamoaning pirovard maqsadlari nobarqaror ijodiy sohalarda mashg‘ul bo‘lgan o‘zbekistonlik yosh ayol-qizlarni birlashtirish va o‘zbek jamiyatining ijtimoiy muammolariga javob beruvchi hamda jamoa ijodiy izlanishlarining samarasiga aylanadigan minbarni yaratishdan iboratdir.