Toshkent, Oʻzbekiston. 2024-yil aprel oyida “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining ochilishi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi Italiya va jahon jamoatchiligiga XX asr birinchi yarmi san’ati tarixining muhim, ammo u qadar ma’lum bo‘lmagan bobini taqdim etadi. U ikkita bo‘limdan iborat bo‘lib, ikkita maskan: Venetsiyadagi Ka Foskari universiteti ko‘rgazma maydonida “Shakl va ramz” va Florensiyaning Pitti saroyida “Nur va rang” nomi bilan o‘tkaziladi. Loyiha Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi koʻmagida yaratilgan boʻlib, unga Ka Foskari universiteti huzuridagi Rus sanʼati tadqiqotlari markazi (CSAR)dan Silvia Burini va Juzeppe Barbieri kuratorlik qiladilar. Ko‘rgazmalarda XX asrning birinchi yarmida yaratilgan 172 tadan ortiq rangtasvir asarlari va suratlar, shuningdek, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanayotgan milliy bezak va amaliy san’at buyumlari namoyish etiladi.
Bu Oʻzbekistoni XX asr sanʼatining ikkita eng zalvarli muzey sara to‘plamlari oʻrtasidagi bogʻliqlikka urg‘u beruvchi yuqori darajadagi ilk loyihadir. Tashrif buyurvchilar ushbu davrni chuqurroq tushunish va baho berish yo‘lini kashf etadilar. Shu kungacha Markaziy Osiyoda ijod qilgan modernist rassomlar rus avangardining olis chekka huqudidagi vakillari sifatidagina ko‘rilgan; uning yo‘lboshchilarining izdoshlari sifatida Vasiliy Kandinskiy, Kazimir Malevich, Aleksandr Rodchenko, Pavel Filonov va boshqa dunyoga mashhur mo‘yqalam ustalari bo‘lgan.
Xalqaro jamoatchilik ilk marotaba ko‘rgazma muhofizlari tomonidan “Sharq avangardi” (Avant-garde Orientalis), deb atalgan Aleksandr Volkov, Nikolay Karaxan, Nadejda Kashina, Yelena Korovay, Mihail Kurzin, Viktor Ufimtsev, O‘rol Tansiqboyev, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev) asarlaridan bahramand bo‘ladi. Shuningdek, ilk bor O‘zbekiston davlat san’at muzeyi (Toshkent) va Igor Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi (Nukus) sara to‘plamlariga mansub rus avangardi va “Sharq” avangardi” asarlarini vizual taqqoslash imkoniyati tug‘iladi. Bu o‘tgan asr boshida mintaqada faoliyat yuritgan musavvirlarning unumli bahamjihat hamkorligi samarasi hamda XIX va XX asr bo‘sag‘asidagi badiiy va madaniy muhit nuqtai nazari orqali o‘zlashtirilgan Yevropa rangtasviridagi zamonaviy tendensiyalarning ularga ta’sirini namoyish etadi.
“Nur va rang”
“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining Florensiya bo‘limi “Nur va rang” deb nomlanib, Turkistonda 1917-yilgacha faoliyat yuritgan rus orientalistlaridan boshlab to Oʻzbekistonda madaniyatlararo muloqot va almashinuv natijasida shakllangan milliy rassomchilik maktabi vakillari bilan yakunlangan XX asrning birinchi yarmidagi Markaziy Osiyoning san’atdagi qiyofasini anglashga qaratilgan.
XX asrning birinchi yarmidagi dramatik tarixiy jarayonlar asnosida Oʻzbekiston turli millat va ijodkorlik dunyoqarashlariga mansub rassomlar uchun hayot va ijod maskani, shuningdek, bitmas-tuganmas ilhom manbaiga aylanadi. Mintaqadagi badiiy paradigmalarning o‘zgarishi, umuman olganda, sovet san’atining davrlarga taqsimlanishiga to‘g‘ri keladi. Turkiston avangardi, deb nomlanuvchi (ko‘rgazma kuratorlari uning o‘rniga kengroq va inklyuziv bo‘lmish “Avanguardia Orientalis” atamasini taklif qilgan) hodisa sharqonalilik oʻrniga kelgan, asta-sekin va majburiy ravishda sotsialistik realizmning mafkuraviy koʻrsatmalariga javob beradigan rangtasvirga oʻrnini bo‘shatib beradi. Shunga qaramasdan, o‘lka tabiati, me’morchilik va kundalik turmushni idrok etish va bo‘yoqlarda yetkazish uchun zarur bo‘lgan “nur va rang”ning tasviriy madaniyati san’atdagi turli-tuman g‘oyalar orqali taraqqiy etib, mazmunan yanada boyitilib boradi.
“Nur va rang” ko‘rgazmasida mazkur mavzularga turlicha yondashuvlarni namoyish etuvchi rangtasvir asarlar taqdim etilgan. Rassomlarning “Avanguardia Orientalis” avlodi: Nikolay Karaxan, Nadejda Kashina, Yelena Korovay, Mihail Kurzin, O‘rol Tansiqboyev, Oganes Tatevosyan, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev), Viktor Ufimtsev, Aleksandr Volkovga e’tibor qaratiladi. Ularning asarlarida modernistik rangtasvir uslubi Markaziy Osiyo xalq amaliy san’ati an’analari va O‘zbekistonning tabiiy rang-barangligi bilan maroqli muloqotga kirishadi.
“Shakl va ramz”
Loyihaning Venetsiya bo‘limi “Shakl va ramz” deb nomlanadi. Shakl haqida gapirganda, kuratorlar 1921-yilda Maorif xalq komissarligi Tasviriy san’at bo‘limi huzuridagi Moskva muzeylar byurosi tomonidan Toshkent san’at muzeyiga yuborilgan avangard kolleksiyasining Markaziy Osiyo rangtasviriga ko‘rsatgan ta’siriga e’tibor qaratgan. Madaniyat jamoatchiligi va dastlab Turkiston musavvirlari birinchilardan bo‘lib predmetsiz san’atga o‘tishni boshlab bergan hamda abstraksionizmning XX asr san’atida jahon miqyosidagi harakat sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan Ekster, Kandinskiy, Klyun, Popova, Rodchenko, Rozanova kabi avangard rassomlarning asarlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Namoyish buyumlari sifatida, shuningdek, “avant-garde orientalis” rassomlarining eng sara asarlari taqdim etilgan. Kuratorlar ushbu badiiy harakatning ifodali tadrijiy rivojlanishini ochib beradilar. Milliy bezakli amaliy sanʼat ashyolari bilan boyitilgan koʻrgazma maydoni madaniy va tarixiy merosning naqadar chuqur ekani hamda ularning aksariyati O‘zbekistondan tashqarida tahsil ko‘rib, ammo ilhom manbaini aynan Markaziy Osiyoda topgan oʻzbekistonlik, qozogʻistonlik, rossiyalik va armanistonlik musavvirlar oʻrtasidagi uzviy madaniyatlararo muloqotni namoyish etadi.
“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” loyihasi xalqaro jamoatchilikni Igor Savitskiy siymosi va uning badiiy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga ta’sir qilgan va qo‘shgan hissasi bilan tanishish imkonini beradi.
Ma’lumoti bo‘yicha arxeolog, rassom va suratlarning ashaddiy shaydosi bo‘lgan Savitskiy 1950-yillarning oxiridan boshlab Qoraqalpogʻistondan minglab arxeologik topilmalar va bezakli amaliy sanʼat buyumlarini toʻplab, ularni Oʻzbekiston va Sovet Ittifoqining minglab rangtasvir va grafika asarlari bilan “mushtarak muzey” tushunchasiga hamohang yonma-yon joylashtiradi. Igor Savitskiy bunda XX asr boshlari avangardi asarlariga katta e’tibor qaratgan holda muntazam ravishda Moskvaga tashrif buyurib, rassomlar ijod ustaxonalaridan san’at asarlarini izlab, ularni beva qolgan va merosxo‘rlardan xarid qiladi, ammo II Jahon urushi yillarida oʻzi ham evakuatsiya qilingan Oʻzbekistonda yashab ijod qilgan rassomlar asarlarini o‘z qiziqishlari diqqat markazida saqlaydi.
Shunday qilib, Savitskiy Markaziy Osiyoga mansub musavvirlar ijodiga favqulodda betakror diqqat-etibor qaratgan holda avangard asarlarining eng yirik kolleksiyalaridan birini jamlash va asrab-avaylashga muvaffaq bo‘ladi.
Ko‘rgazmada Savitskiy tomonidan to‘plangan asarlar bilan bir qatorda arxiv fotosuratlari va multimedia qurilmasi ham namoyish etiladi.
“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining “Nur va rang” bo‘limi 2024-yil 16-apreldan 30-iyungacha Florensiyadagi Pitti saroyida ochiladi.
“Shakl va ramz” loyihasi 17-apreldan 29-sentabrgacha Venetsiyadagi Ka Foskari universitetining koʻrgazma maydonida muxlislar uchun muntazir.