Kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirlarida qoʻqonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Qurilganidan ko‘p o‘tmay bu oila binoni sotib yuborib, unga Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini joylashadi, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantiriladi.
O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi Vadyayevlar qarorgohidagi kutubxona binosiga ko‘chiriladi, keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilganini Toshkent aholisi yaxshi eslaydi.
Kutubxonaning kitob fondi 1965-yildan boshlab shakllantirilib, 200 ming jildga yaqin nashrdan iboratdir. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida u kengaytirilib, uning qatoriga yana 21 ming kitob qo‘shildi. Bunda alohida e’tibor islom, Yevropa va zamonaviy sanʼatga oid kitoblar saralamasiga qaratildi.
Doimiy ravishda to‘ldirilib boriladigan kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Unda risoladagidek to‘ldirish, tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.
“Ta’lim va bilim olish – imkoniyat va kashfiyotlar sari ko‘prik, yosh avlod shaxsiyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish kalitidir. Ishonchim komilki, taʼlim olish va boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar yetishib kelayotgan avlodning ma’rifatga bo‘lgan tashnaligini qondirishga ko‘maklashib, bu esa istiqbolda jamiyatimizda ijobiy oʻzgarishlarga olib kelishga xizmat qiladi, – Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari.
Bolalar va yoshlarni jalb qilish maqsadida barcha kutubxona maydonlari xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksiyonal ahamiyat kasb etdi: mushtarak ilhom ijodxonalari va raqamli kontent bilan ishlash studiyasi vujudga keldi. Mebel va ish o‘rinlari asl hassos dizayn bo‘yicha ishlab chiqarilgan: turli buyumlarni saqlash tizimlari, qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan yakka tartibda ishlash xonalari nazarda tutilgan. Mutolaa zallaridan tashqari kutubxonada kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi mavjud.
“Bu shahrimiz hayotidagi diqqatga sazovor voqeadir – Respublika bolalar kutubxonasining eshiklari yana qaytadan ochilmoqda. Biz bolalar va yoshlarning ijodiy va aqliy salohiyatlarini yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy jamoatchilik maydonini yaratgan holda binoning tarixiy muhitini imkon qadar saqlab qolishga harakat qildik. Ishonchim komilki, kutubxona qo‘shma kashfiyotlar, sarguzashtlar maskaniga aylanib, bo‘sh vaqt va bilim olish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi”, — Gayane Umerova, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi
Kutubxona binosining ichki qismida pardoz ishlari davomida qiziqarli topilmalarga duch kelindi. Ular orasida XX asrning 60-yillariga mansub manzarali devoriy suratlar ham bor. Tashrif buyuruvchilar kutubxonaning ichki qismidagi restavratsiya qilingan rangtasvir namunalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.
“Bizning byuro ushbu loyihaga o‘zining barcha bilim va mehrini jo etdi, madaniyat muassasasi negizida mazkur jamoatchilik maskanini yaratish uchun ilg‘or tajriba va yetakchi mutaxassislar ishtirokidagi eng zamonaviy xulosa va tavsiyalardan foydalandi. Shahar ahlidan mushtarak qiziqish va ijobiy xayrixoh javoblarni kutib qolamiz. Shu singari amaliyot kutubxonalar va madaniyat markazlari negizida boshqa jamoat joylarini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, Lyubov Leontyeva, qayta qurish loyihasi muallifi, “Ludi Architects” me’morchilik byurosi rahbari.
2023-yil 31-avgust kuni Toshkent shahri aholisi va mehmonlarini Respublika bolalar kutubxonasining ochiq eshiklar kuniga taklif etishdan mamnunmiz. Kutubxonaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi alohida faylda keltirilgan.
Manzil: Toshkent sh., Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47-uy.