2024-yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniymerosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 154-sonli qarori chop etilib, unda yuqorida zikr etilgan mozaikalarni asrab-avaylash, oqilona foydalanish, ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish hamda yurtimizning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va atroflicha puxta tadqiqetish belgilandi.


Mazkur qaror bilan Madaniy meros agentligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining respublika hududida joylashgan binolar devorlarida ishlangan mozaika kompozitsiyalarini Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.


“O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2021-yildan buyon mamlakat madaniy merosini asrab-avaylash dasturini amalga oshirib kelmoqda. Koshinkor qadamalarni Moddiy madaniy meros obyektlari milliy roʻyxatiga kiritish boʻyicha xodimlarimiz tomonidan olib borilganizlanishlar, tuzilgan roʻyxatlar va belgilangan kelgusi ishlardan iborat saʼy-harakatlar sharofati bilanmozaikalar davlat muhofazasiga olindi. Biz davlatimiz qo‘llab-quvvatlovi va mozaikalarga oidtafsilotlarni pochta manziliga yo‘llagan jonkuyar vatandoshlarimizdan minnatdormiz”. – Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.


Ushbu qaror asosida respublika hududida joylashgan binolar devorlarida gavdalangan mozaik kompozitsiyalarni davlat kadastriga o‘rnatilgan tartibda kiritish chora-tadbirlari ko‘rildi.


Poytaxtimizda koshinkor qadamalarni saqlab qolish va ularni to‘sib turgan reklama qurilmalaridan xalos etish dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Aprel oyidan iyunning boshigacha 40 dan ortiq mozaikalar tashqi to‘siqlardan xoli qilindi. Hammasi bo‘lib 70 dan ortiq mozaika asl qiyofasida namoyon bo‘ldi. Eng so‘nggi reklama banneri Beruniy ko‘chasi, 2-uy binosidan yechildi.


O‘zbekiston Madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish departamenti hamda Madaniy meros agentligi keng jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligini izhor etib, mozaikalar haqidagi ma’lumotlarni mosaic@acdf.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkinligini eslatib o‘tadi.