17-sentabr kuni nomzodnomalarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra Buyuk Ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Umumhajon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Ipak yo‘li. Zarafshon-Qoraqum koridori” uch davlatda joylashgan 31 ta obyektdan iborat. Bulardan 9 tasi Tojikistonda, 15 tasi hozirgi O‘zbekiston hududida, qolganlari Turkmaniston hududida joylashgan.
Barcha obyektlar turli davrlarda tarixdagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri – Ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, mintaqaning ko‘p asrlik tarixi hamda boy madaniy va tarixiy merosni namoyon etadi.
Loyiha tashabbuskori YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bo‘lib, u muvofiqlashtiruvchi vazifani ham amalga oshirdi.
2023-yilning 20-sentabr kuni “Turonning qishki sovuq cho‘llari” nominatsiyasini Jahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Nominatsiya Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston tomonidan tayyorlangan. Nominatsiyaning Oʻzbekiston qismi Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻi hamda hayvonot va nabotot olami alohida muhofaza qilinuvchi Saygʻoqli manzarali qoʻriqxonasi tomonidan taqdim etilgan.
Mo‘tadil mintaqaning sovuq qishki cho‘llari favqulodda iqlim sharoitlari, turli-tuman geomorfologik shakllar hamda alohida va endemik biologik xilma-xillik bilan ajralib turadigan betakror va keng ko‘lamli biomlardan biri hisoblanadi. Nabotot, hayvonot olami va ekotizimlarning tuzilishi, tadrijiy va boshqa ekologik jarayonlar yoz faslida haddan ziyod quruq va jaziramaga, qishda esa keskin qahratonga moslashgan. Cho‘l ekotizimlari nafaqat iqlim sharoitlarini aks ettiradi, balki tabiiy uglerod yutkich va g‘amlovchisi vazifasini ham bajaradi.
Bu ishtirokchi davlatlar Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning qo‘shma nomzodnomasi bo‘lib, Markaziy Osiyo hududida madaniy aloqalarni rivojlantirishga rag‘batlantiruvchi YUNESKO mintaqalararo hamkorligining yorqin namunasidir.