2024-yilning 14–19-may kunlari “Cromwell Place” san’at maskanida Mikelanjelo ijodkorlik va hunarmandchilik jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan London hunarmandchilik haftaligi bo‘lib o‘tadi. Stipendiya dasturining ilk bitiruvchilari o‘zaro tajriba almashinuvidan ilhomlangan o‘z asarlarini taqdim etadilar.
2023-yilning aprelida “Homo Faber Guide” sayyohlik qaydnomasiga O‘zbekistonning badiiy hunarmandchiligini tamsil etuvchi 11 nafar ustadan iborat “O‘zbekiston bobi” qo‘shildi. Ular jahond dovrug‘i chiqqa hunarmandlar safidan o‘rin oldilar. Taniqli kulollar sulolasi vakili bo‘lmish Shohruh Rahimov Homo Faber stipendiyalari dasturining ilk bitiruvchisi sifatida Gretsiyada malaka oshirib, mahalliy hunarmandlar tajribasini o‘zlashtirdi.
“Nufuzli Homo Faber stipendiyalari dasturida ishtirok etish bu O‘zbekiston yoshlari va ijodkor iste’dodlari bilan ishlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Hunarmandlikning ahamiyatini anglash va hunarmandlarning yuksalishini qo‘llab-quvvatlash sharofati bilan o‘zimizning madaniy o‘zligimizni asrab-avaylash va uni yanada rivojlantirish haqida so‘zlashimiz mumkin. Ishonchim komilki, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Mikelanjelo ijodkorlik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik yosh ustalarning ijodiy salohiyatini kengaytirish, ularning tajribalari va zamonaviy dunyo haqidagi tasavvurlarini boyitish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etib, oʻzbek hunarmandchiligi amaliyotlarini jahon madaniy makoniga tatbiq etishga xizmat qiladi”, – Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.
London hunarmandchilik haftaligida Shohruh Rahimov yunon ustasi Yannis Zois bilan hamkorlikda buddaviy ibodat marosimlariga oid g‘altaksimon shakllardan ilhomlanib tayyorlangan qo‘shma asar – ulug‘vor totemni taqdim etadi. U chinni va afrikacha yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, 22 karatlik oltin bilan qoplangan. Rahimov va Zoisning mushtarak asarining tashqi ko‘rinishi islom me’morchiligi va qadimiy yunon an’analarining chorrahasini aks ettirib, Sharq va G‘arb madaniyatlari o‘rtasidagi o‘xshashliklarni namoyish etadi.


“Yarim yil davomida, Homo Faber stipendiyalari dasturida ishtirok etishdek noyob tajriba sharofati bilan biz yunon ustasi Yannis Zois bilan birga ko‘p mehnat qilib, shu jumladan, men ilgari ishlamagan chinni moddasi va oltin kabi ashyolar bilan tajriba-sinovlar o‘tkazdik. Ishlash texnikasi ham men o‘rgangan uslubardan farq qilar edi – biz yuqori haroratli olov bilan ishladik. Shu bois kelajakda turli hamkorliklarda o‘z aksini topuvchi ko‘plab ijodiy g‘oyalar tug‘ildi. Yaqin kelajakda tashrif buyuruvchilar mazkur tajriba almashinuvi natijasini London hunarmandchilik haftaligida ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu men uchun katta sharaf hisoblanib, yangi uslublarni o‘zlashtirish va an’anaviy hunarmandchilik bilan ishlashga yangicha nazar tashlash malakasini egallagan holda O‘zbekistonning an’anaviy san’atini rivojlantirishda davom etaman”, – kulolchi usta Shohruh Rahimov.


Oʻzbekiston mavzularidan ilhom olgan totemdagi nabotot va hayvonot olami Sharq madaniyatining timsoli boʻlib, asarga nafislik va nazokat hissini baxsh etadi. Baliq, kapalak, kiyik va qush kabi jonivorlar ham Sharq, ham G‘arbga xos nozik did qadriyatlaridan vujudga kelgan chuqur ramziy ma’nolarni o‘zida mujassam etadi. Dizayndagi oltin va chinnining uyg‘unligi buyumga hashamat va bashang ato etib, hunarmandlarning madaniy xilma-xillik chiroyidan maftun ekanliklarini ifodalaydi.