Osakada bo‘lib o‘tayotgan “EXPO 2025” ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston pavilioniga Saudiya Arabistoni Podshohligi madaniyat vazirining katta maslahatchisi Nora Aldabal xonim tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari uchun ekspozitsiya bo‘ylab tanishuv sayri tashkil etildi.
Aldabal xonim pavilionning g‘oyasi va me’moriy yechimini, shu jumladan, harakatlanuvchi platforma faoliyati, ayvonning bezatilishi hamda yaqin masofa aloqasi (NFC) bilan jihozlangan texnologiyadan foydalanish imkoniyatini ijobiy baholadi. Mehmonlarda “EXPO-2025” merosining o‘ziga xos jihati sifatida O‘zbekistonda ta’lim markazining qurilishida yog‘och ustunlardan qayta foydalanish tashabbusi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida Aldabal xonim O‘zbekiston pavilioni dizayn sohasidagi xalqaro “German Design Award 2025” oltin mukofoti bilan taqdirlangani munosabati bilan samimiy qutladi.