2024-yil 30-may kuni Respublika bolalar kutubxonasida Sun’iy idrok kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Texnologiyalar biz o‘rganib qolgan xizmatlarni o‘zgartirib, ularni yanada qulay va xavfsiz qiladi. Zamonaviy vositalarni bilish yosh avlod uchun yangi imkoniyatlarni kashf etadi.
 
Kutubxona jamoasi neyron tarmoqlarni o‘qitish bo‘yicha mahorat darsini o‘tkazish uchun “VisionLabs” shirkatining yetakchi mutaxassisi Anastasiya Belozerovani taklif qildi. Amaliy mashg‘ulotda o‘smirlar “PyTorch” yordamida o‘z tarmog‘iga saboq berib, neyron tarmoqlar qanday faoliyat yuritishini tahlil qildilar.
 
“Bizning oldimizda ko‘ndalang turgan vazifalardan biri bolalar va o‘smirlarning zamonaviy texnologiyalar sohasida amaliy bilimlarni olishlari uchun qulay sharoitni yaratishdir. Biz bunday tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston yoshlari orasida texnologik savodxonlikni oshirishga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz”. — Ivan Sorokin, Respublika bolalar kutubxonasi muhofizi.
 
O‘smirlar uchun mahorat darsidan so‘ng Anastasiya Belozerova “Sun’iy idrok odamlar uchun: kompyuter nigohi hayotimizni qanday o‘zgartirmoqda” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Tinglovchilar kompyuter nigohi texnologiyasi, uning imkoniyatlari va kompyuter “mo‘jizalarining” kundalik hayotimizga ta’siri haqida bilib oldilar. Ma’ruzadan so‘ng savol-javoblar bo‘lib o‘tib, mehmonlar sun’iy idrok mustaqil ravishda qaror qabul qila olishi yoki olmasligi, texnologiyalar biz haqimizda fotosuratlarga qarab nimalar deya olishi hamda ushbu mashina olamni inson singari idrok etishga qodir yo qodir emasligiga oid tafsilotlarga ega bo‘ldilar.
 
“Texnologiyalar haqidagi tasavvurlarni kengaytirishni unga nisbatan ilk qiziqish paydo bo‘lgan lahzadan boshlash kerak. Agar bola savollariga o‘z vaqtida qoniqarli javob ololsa, bu unga imkon qadar tez fursatlarda yangi bilimlarini hayotlarida qo‘llashni boshlashga imkon beradi. Tajribamga ko‘ra, texnologiyalar mavzusi barcha yoshdagilar uchun barobar qiziqish uyg‘otadi – qanday texnologiyalar allaqachon mavjud, bu soha naqadar tez sur’atlarda rivojlanayotgani, neyron tarmoqlarning faoliyati qanday tasvirlanishi, ularni qayerda tatbiq etish mumkinligi va, umuman olganda, mazkur soha qanday ishlashi va unga qanday oshno bo‘lish  mumkinligini qamrab oladi. Men chin qalbimdan beg‘ubor qiziqishni rag‘batlantirishni va ularga texnologiyalarni puxta tushunish imkoniyatini in’om etishni tavsiya qilaman”. — Anastasiya Belozerova, sun’iy idrok bo‘yicha yetakchi mutaxassis, “VisionLabs” tadqiqot loyihalari rahbari.
Ma’ruza rus tilida o‘zbek tiliga sinxron tarjima bilan o‘tkazildi.
 
Shu kabi tashabbuslar sharofati bilan o‘smirlar va kattalarda zamonaviy dunyoda qo‘llaniladigan vositalarga oid tasavvurlari shakllanib, yangi texnologiyalar va ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlar haqidagi xabardorliklari ortadi.