“EXPO 2025” ko‘rgazmasining “Mavzuli haftaligi” dasturlari doirasida Osaka shahrida “Ekotizimlarning tiklanishi: Orol dengizidan global barqaror rivojlanish sari” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Muhokama Orolbo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy muammolari, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va xalqaro hamkorlik orqali barqaror yechimlarni izlashga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar mintaqani san’at, fan va dizayn vositasida o‘zgartirish tashabbusi sifatida boshlangan Orol madaniyat sammitining ahamiyatiga urg‘u berib, 2026-yilda suv va oziq-ovqat mavzulariga e’tibor qaratgan holda boshlanadigan “Kelajak global laboratoriyasi” nomli diplomdan keyingi yangi tadqiqot dasturini taqdim etdilar.
Notiqlar sifatida Kioto universiteti professori Kenji Tanaka, I.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi Arxeologiya bo‘limi mudiri Oktyabr Dospanov, Orol madaniyat sammiti dasturlari rahbari Anastasiya Sinitsina va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Biologik tadqiqotlar laboratoriyasi mudiri Dilfuza Egamberdiyeva so‘zga chiqdilar.
Tadbirga iqlimshunos jurnalist, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2025-yilda bo‘lib o‘tgan Orol madaniyat sammiti munosabati bilan nashr etilgan “OROL. Dengiz: oʻtmishdan kelajakka — aytilmagan hikoyalar” nomli kitobi muharriri Filip Mogan moderatorlik qildi.