O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Sara Razani 2025-yilning sentabr oyida ochilishi rejalashtirilgan Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazining badiiy direktori va bosh muhofizi etib tayinlanganini mamnuniyat bilan e’lon qiladi.

Jamg‘arma tashabbusi bo‘lgan Markaz kreativ almashinuvlarni osonlashtirish, badiiy qarorhoglar, ko‘rgazma, malaka oshirish va ta’lim dasturlari yordamida rassomlar imkoniyatlarini kengaytirish orqali san’at va madaniyatning jahon miqyosidagi maskaniga aylanishni maqsad qilgan. Markaz, shuningdek, O‘zbekistonning yuksalib borayotgan madaniy ekotizimiga ham katta hissa qo‘shadi.

Londonda tug‘ilib, Nyu-Yorkda ijod qilivchi san’at arbobi, adiba va murabbiy Sara Raza o‘zining muhofizlik tajribasi va turli badiiy va ilmiy ixtisosliklarni birlashtirish qobiliyati bilan shuhrat qozongan. Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq, Yevropa va Shimoliy Amerika bo‘ylab 20 yildan ortiq tajribaga ega Raza avvalroq Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika uchun Guggenhaym UBS MAP Global san’at tashabbusi loyihasida kurator bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Uning muzeylar boshqaruvi sohasidagi yutuqlariga Mathaf: Arab zamonaviy san’at muzeyi, Nyu-Yorkdagi Rubin san’at muzeyi va Xalqaro fotosuratlar markazi kabi zalvarli ko‘rgazmalar kiradi.


S.Raza munaqqidlar tomonidan munosib e’tirof etilgan “Pank orientalizm: isyon san’ati” (“Punk Orientalism: The Art of Rebellion”) kitobining muallifi ham bo‘lib, unda u Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bilan bog‘liq zamonaviy san’at amaliyotlarini tadqiq etgan.


Badiiy direktor va bosh kurator sifatida S.Raza Zamonaviy san’at markazining madaniy va ma’rifiy hamkorlik rishtalarini yuqori pog‘onaga olib chiqish, mahalliy va xalqaro musavvirlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning jo‘shqin madaniy merosini puxta o‘rganish bo‘yicha pirovard maqsadlarini shakllantirishda hal qiluvchi rolni o‘ynaydi.