Endilikda siz uchun 21ta inshootni yagona onlayn marshrutga birlashtirgan “Tashkent Modernism” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Ilova 1964–1993-yillarda qurilgan Toshkent me’moriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Modernizm binolarini oʻrganishni shaharning istalgan nuqtasidan boshlash mumkin: ilova eng yaqin obyekt manzili va unga yetib olish yoʻlini ham koʻrsatadi.
Me’morchilik bilan tanishish O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Laboratorio Permanente” byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan marshrut bo‘ylab amalga oshiriladi.
Marshrut istagan yoshdagi va me’morchilikka oid turli bilim darajasida bo‘lgan shahar sayyohlari va tadqiqotchilariga asqotadi. GPS navigatsiyasi sharofati bilan ilova foydalanuvchi joyini aniqlab, sayrni eng yaqin nuqtadan boshlashni taklif etadi.
“Tashkent Modernism” ilovasi iOS va Android foydalanuvchilari e’tiboriga uch tilda qoʻshimcha arxiv foto va video materiallar bilan havola etiladi.