“Tashkent Modernism” mobil sayyohlik ilovasi Toshkent modernizmining 21 ta inshootini yagona onlayn marshrutga birlashtirgan.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi (sobiq Lenin muzeyi) 1970-yilda qurilgan. Bino Yevgeniy Rozanov va Vsevolod Shestopalovlar tomonidan loyihalashtirilgan. SSSR davridagi Leninga bag‘ishlangan aksariyat modernizm uslubidagi muzeylar baland tepalikda qad rostlagan hashamatli saroylar sifatida loyihalashtirilib, ularning bosh mash’alasi dohiy haykali joylashgan zal bo‘lgan. Toshkentda esa muzeyning toj ashyosi muzey binosining o‘zi edi. Mahobatli marmar parallelepiped havoda muallaq turar edi go‘yo. Va quyosh tig‘idan himoyalovchi, bir zumda taniladigan panjaralar imoratga milliy shukuh baxsh etardi.
Sho‘rolar Ittifoqi parchalangach, muzey ekspozitsiyasi to‘liq yangilandi. Bino o‘zining dastlabki xususiyatlarini yaxshi saqlab qolgan va 1960–1980-yillardagi Toshkent me’morchiligining eng diqqatga molik yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Hozirda muzeyga kirish imkonsiz, chunki u restavratsiya qilinmoqda, ammo uning me’moriy tarovatidan tashqaridan turib bahra olish mumkin.
“Tashkent Modernism” sayyohlik ilovasini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.