Tadbir Toshkentning modernizm merosini yoritish maqsadida o‘tkazildi va jahon miqyosida shahar me’moriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha majmuaviy strategiyani amalga oshirish uchun g‘oyalar va tajriba almashinuviga qaratildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyevaning kirish so‘zi bilan ochildi. Shuningdek, marosimda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov ishtirok etdilar.
“Diyorimiz betakror arxitektura an’analari saqlanib qolgan yurtdir. Xorazmning qadimiy qal’alaridan to Temuriylar bunyod etgan madrasalar va mahallalarimizning odatiy me’morchiligida qo‘llanilgan ixtirolargacha – ushbu boy merosni qadrlaymiz va undan faxrlanamiz. Biroq, ko‘p asrlik merosimizni targ‘ib qilar ekanmiz, shaharlarimiz, xususan, Toshkentga chiroy baxsh etib turgan o‘ziga xos XX asr modernizmi ruhidagi arxitekturani ham nazardan chetda qoldirmasligimiz kerak. Toshkentning modernistik binolari uni Xelsinki yoki Bilbao singari mashhur modernizm qiyofasidagi namunalar qatoriga qo‘shadi”. – Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi.
18-oktabr kuni “Muzeylar va me’moriy muhofaza” va “Asrab-avaylash me’moriy loyiha sifatida”, 19-oktabr kuni esa “Asrab-avaylash va shahar”, “Shahar ekologiyasi va zamonaviy shahar” va “Toshkent kelajagi” mavzusiga bag‘ishlangan sho‘balar tashkil etildi.
Bahs-munozalarda “Pinakoteka Brera” va Milanda joylashgan Milliy Braydenze kutubxonasi bosh direktori Jeyms M. Bredbern, Shveysariya me’morchilik muzeyi direktori Andreas Rubi, Meksika Antropologiya va tarix muzeyi direktori Eduardo Escalante Karrilyo, Kolumbiya universiteti “Buell” markazi direktori Lyusiya Alle, Toronto universiteti Arxitektura kafedrasi dotsenti Aziza Chauni, “Beyer Blinder Belle” tarixiy merosni saqlash direktori va ishbilarmon hamkori Richard Sautvik, Oʻzbekiston meʼmorlar uyushmasi aʼzosi Aleksandr Kuranov, Toshkent shahridagi Adju universiteti Arxitektura fakulteti professori Farhod Rixsiyev, YUNESKO Jahon merosi markazining sobiq direktori Franchesko Bandarin, Milan politexnika universiteti professori Alessandro De Majistris, Bahrayn Madaniyat va qadimiy ashyolar boshqarmasi Me’morchilik bo‘limi boshlig‘i Nura Al Sayeh, “Counterspace” me’morchilik tadqiqot firmasining muassisi va direktori Sumayya Valli kabi me’morchilik va inshootlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar.
“Madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylash O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ustuvor vazifalaridan biridir. “Toshkent dunyoning qayerida joylashgan?” konferensiyasi Toshkent modernizmini asrab-avaylashni targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli tadqiqot va tadbirlarning bir qismidir. Yetakchi mutaxassislarning atroflicha muhokamalari va ular tomonidan taklif etilayotgan muhofaza boʻyicha ilg‘or yondashuvlar sharofati bilan biz noyob modernizm inshootlarini saqlash strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz”, – Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi Gayane Umerova.
“Modernizm meʼmoriy yodgorliklarni asrab-avaylash zamonaviy shahar muhitiga oʻtmish va hozirgi kun oʻrtasida uygʻun mushtaraklikni yaratgan holda noyob merosni tatbiq etish qobiliyati hisoblanadi. Shun kabi anjumanlar sharofati bilan poytaxt qiyofasini asrash bo‘yicha keng qamrovli strategiya vujudga kelmoqda”, – Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov.
“Toshkent dunyoning qayerida joylashgan?” konferensiyasining birinchi kunining yakuniy tadbiri va bosh ma’ruzasi mashhur golland me’mori “Office for Metropolitan Architecture” (OMA) me’morchilik byurosi hamkori Rem Kolhasning nutqi bo‘ldi. Muayyan mavzuga oid turkum tadqiqotlar va “OMA”ning yaqinda olib borgan izlanishlariga tayanib, Rem Kolhas o‘z ma’ruzasida ishtirokchilar bilan merosni asrab-avaylashning kelajagiga doir o‘z fikrlari bilan baham ko‘rishdi.
“So‘nggi yillarda meʼmoriy inshootlarni asrab-avaylash borasidagi ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyoda shunchalik ko‘p o‘zgarishlar ro‘y bermoqdaki, shahar aholisi tomonidan hech narsani o‘zgartirmaslik so‘raladi. Shuningdek, fuqarolar yangi narsani qayta qurishdan ko‘ra, boridan foydalanib turish oqilona ekanligini anglaydilar. Toshkent modernizmi inshootlari atrofidagi munozaralar uchun maydon yaratish nihoyatda muhim, chunki ular shahar tarixiy merosining haqiqiy dalilidir”, – Rem Kolhaas, “Office for Metropolitan Architecture” (OMA) me’morchilik byurosi meʼmori, hamkori.
Sho‘balarda me’morchilik tarixini tanqidiy qayta anglashda madaniyat muassasalarining o‘rni, bilimlarni yaratishda muzeylarning salohiyati va modernizm merosini asrab-avaylashda ahamiyatga molik namunalar, butun dunyo tajribasidagi me’morchilikni saqlashga doir turli yondashuvlar, modernizm jamoat maskani muhofazasi masalalarini muhokama qildilar va Toshkent shahri nomzodini YUNESKO Butunjahon merosi obyekti maqomini olishga qoʻyilishi bilan bogʻliq mavjud imkoniyat va murakkabliklarni koʻrib chiqdilar.
Konferensiya ishtirokchilari uchun O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Milandagi “Laboratorio Permanente” byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqilqan “madaniy yo‘lak” bo‘ylab o‘tkaziladigan ekskursiya tashkil etildi. “Madaniy yo‘lak” marshruti modernizm davriga taalluqli 21 inshootni o‘zaro bogʻladi
Anjuman Toshkent modernizmining eng diqqatga sazovor binolaridan biri hisoblangan O‘zbekiston davlat san’at muzeyida o‘tkazildi.
Konferensiya bilan bir vaqtda ikki yillik tadqiqotlar sarhisobi boʻlgan “Tashkent Modernism.Index” koʻrgazma loyihasi ham ochildi.
Ilk bor ko‘rgazma 2023-yilning aprel oyida Milan Triennalesi makonida taqdim etilgan edi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan tomoshabinlarga Armin Linke tasvirga tushirgan zamonaviy fotosuratlar hamda modernizm yodgorliklariga oid tadqiqot talqinlari va ularni muhofaza qilish strategiyalarini kashf etuvchi arxiv hujjatlari taqdim etilgan edi.
Toshkentdagi ko‘rgazma O‘zbekiston davlat san’at muzeyidagi sara to‘plamlardan iborat 1960–80-yillardagi arxiv hujjatlari va san’at asarlari bilan boyitilib, tashrif buyuruvchilarga mazkur davr madaniyati va me’morchiligiga beixtiyor sho‘ng‘ish imkonini beradi.
“Tashkent Modernism.Index” ko‘rgazmasi 2023-yil 20-oktabr – 5-noyabr kunlari soat 10:00-19:00 da O‘zbekiston davlat san’at muzeyida tomoshabinlar uchun muntazir. Kirish bepul.
Loyiha, ko‘rgazma va konferensiya haqida batafsil ma‘lumot www.tashkentmodernism.uz veb-saytida.