Toshkent, O‘zbekiston – 2024-yil 17-may. 2024-yil 3–17-may kunlari O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Fransiyaning Milliy meros instituti (Institut National du Patrimoine) va O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining rassomning 18 ta asarini restavratsya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturi amalga oshirildi.
“O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mahalliy mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning eng yetakchi xalqaro mutaxassislari bilan tajriba almashinuvini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratadi. Biz muzey xodimlarining kelajak avlodini kamol toptirish, ularga mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallashlariga ko‘maklashamiz. Biz O‘zbekistonda restavratsiya maktabini rivojlantirishning naqadar muhimligini anglab, barcha darajadagi muzey xodimlarining malakasi xalqaro standartlarga muvofiq kelishi uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solamiz”, – Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.
Ishga Patrisiya Verges va uning hamkasabasi, rangtasvir bo‘yicha konservator-restavrator Klaudiya Sindakoning ilmiy rahbarligida Milliy meros instituti vakillari jalb qilindi.
“O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida amalga oshirilgan restavratsiya loyihasi Parijdagi Fransiya Milliy meros instituti vakillariga Yevropa jamoatchiligiga unchalik mashhur bo‘lmagan rangtasvir ashyolar ustida ishlashda ishtirok etish, shuningdek, mazkur loyihaga qo‘shilgan o‘zbekistonlik restavratorlar bilan tajriba almashish imkonini berdi. Ish davomida biz asarlar saqlanayotgan muzey binosi va ularning doimiy ko‘rgazma va to‘plam jildlaridagi muhofaza shartlari xususida xolis baho berishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari, beshta keng miqyosli mato suratlar va kartonga ishlangan ikkita eskizning restavratsiya ishlari olib borilib, hoshiya taxtachalari yangilandi. Qayta tiklangan asarlar muzey ekspozitsiyasiga qaytariladi. Ushbu ishning amalga oshirilishi Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining qoʻllab-quvvatlovi sharofati bilan yuzaga keldi”, – Patrisiya Verges, texnik ekspert, konservatsiya va restavratsiya bo‘yicha mutaxassis.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mahalliy mutaxassislarni kamol toptirish, kadrlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratadi. Xalqaro mutaxassislar bilan ishlashga I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyining Restavratsiya bo‘limi xodimlari jalb etildi. Shu kabi mushtarak faoliyat mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, tajriba almashish hamda bilim darajalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu qo‘shma dastur O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyini kapital ta’mirlash va yangilash dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.