Tadbir yakuniga doir axborot
23-may kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi sahnasida YUNESKO jahon san’at arbobi, SSSR xalq artisti Vladimir Spivakov boshchiligidagi Rossiya milliy filarmonik orkestrining xayriya konserti bo‘lib o‘tdi.
Vladimir Spivakov va Rossiya milliy filarmonik orkestri “Fransiya parchasi” dasturini taqdim etdi.
Maestro boshchiligida torli va zarbli cholg‘u asboblari uchun Rodion Shchedrin tomonidan transkripsiya qilingan Jorj Bizening “Karmen” operasidan parchalar (“Karmen syuitasi”), Gabriel Forening “fransuz Shuman”ning Pavanasi – muhtasham saroy raqsi janriga murojaat; Jak Iberning “Parij” syuitasi – fransuz poytaxti bo‘ylab olti qismdan iborat qiziqarli musiqiy sayr hamda Moris Ravelning afsonaviy Bolero – bu muallifning onasi tomonidan bask, Iberiya madaniyatiga mansub bo‘lgan mashhur ishtiyoqini aks ettiruvchi asarlar yangraydi.
“Toshkentlik tomoshabinlar shunchaki g‘aroyib. O‘zbekistonda ko‘plab bolalar musiqa bilan shug‘ullanayotganidan baxtiyorman, chunki musiqa adabiyot va she’riyat bilan birga inson shaxsini shakllantiradi, o‘ta muhim maydonni yaratadi. Rossiya milliy filarmonik orkestri, “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasiga uzoq muddatli hamkorligi va qo‘llab-quvvatlovi uchun hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Luvrdagi ko‘rgazma ulkan muvaffaqiyatga ega bo‘lganini eshitgandim, bu butun mamlakat uchun benihoya muhimdir”, — Vladimir Spivakov.
Konsert yakunlangach, san’at darg‘asi tomoshabinlarning talablariga binoan to‘rt marotaba sahnaga chiqdi. U “Qarsildoq” baletidan “Pa-de-de”, Shnitkening “Tango”si, Ikovning “8 ½” kinofilmi mavzusiga fantaziya” hamda Botir Zokirovning “Umid” asarlarini ijro etib berdi.
Xayriya konserti musiqa va madaniyat muassasalari o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirildi.
Vladimir Spivakov – Rossiya milliy filarmonik orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori. Vladimir Spivakov musiqa san’ati va jamoat hayotining ko‘plab jabhalarida o‘zining serqirra iste’dodini yorqin namoyon etgan taniqli skripkachi va dirijyordir. Skripka sozandasi sifatida Vladimir Spivakov taniqli muallim, Moskva konservatoriyasi professori Yuriy Yankelevich huzurida tahsilida puxta ilmiy maktabni o‘tagan. 1960–70-yillarda Vladimir Spivakov nufuzli xalqaro tanlovlar sohibi bo‘lib, 1975-yilda AQSHdagi yakkaxon chiqishlaridan so‘ng musiqachining ajoyib xalqaro shuhrat pillapoyasi boshlanadi. 1979-yilda bir guruh hamfikr musiqachilar bilan Vladimir Spivakov “Moskva virtuozlari” kamera orkestrini yaratadi va uning bemisl badiiy rahbari, dirijyori va solistiga aylanadi. Vladimir Spivakovning solist va dirijyor sifatidagi keng qamrovli diskografiyasi 50 dan ortiq albomlarni o‘z ichiga olgan: uning aksariyat tasmalari “BMG Classics”, “RCA Red Seal”, “Capriccio” kabi yirik ovoz yozish studiyalari tomonidan muxlislar e’tiboriga havola qilingan. Uning ko‘plab tasmalari nufuzli mukofotlar, jumladan, “Diapason D’Or” va “Choc de la Musique” bilan taqdirlangan. Xususan, Alfred Shnittke, Rodion Shchedrin, Arvo Pyart, Isaac Shvarts, Vyacheslav Artyomov va boshqa ko‘plab zamonaviy bastakorlar o‘z asarlarini Vladimir Spivakov sharafiga bir necha bor bag‘ishlaganlar. 1989–2022-yillarda Vladimir Spivakov Kolmar (Fransiya)dagi Xalqaro musiqa festivaliga rahbarlik qilgan. 2003-yilda Vladimir Spivakov o‘zi asos solgan Rossiya milliy filarmonik orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori hamda Moskva Xalqaro musiqa uyining prezidenti hisoblanadi.
“San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi Rossiyadagi eng yirik notijorat tashkilotlardan biri hisoblanadi. Jamg‘arma 2006-yilda taniqli Rossiya va o‘zbekistonlik filantrop va metsenat Alisher Usmonov tomonidan madaniy merosni asrab-avaylash va takomillashtirish, ilmiy va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish hamda qulay madaniy muhitni yaratish maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yoʻnalishi madaniyat, taʼlim va sport sohasidagi, shu jumladan, xalqaro miqyosdagi ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarni xayriyaviy qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.
acdf.uz