Anjumanda asosiy ma’ruza bilan mashhur golland me’mori Rem Kolhas so‘zga chiqadi. Shuningdek, dasturda “Pinakoteka Brera” va Milliy Braydenze kutubxonasi bosh direktori Jeyms M. Bredbern, yozuvchi va muhofiz Shumon Basar, Meksika Antropologiya va tarix muzeyi direktori Eduardo Escalante Karrilyo, “S AM” Shveysariya me’morchilik muzeyi direktori Andreas Rubi, “MAXXI Architettura” direktori Davide del Kurto, Milan politexnika universiteti me’morchilik restavratsiyasi kafedrasi professori Lorensa Baronchelli, me’mor Aleksandr Kuranov hamda inshootlarni muhofaza qilish bo‘yicha boshqa o‘zbekistonlik va xalqaro yetakchi mutaxassislar, me’mor va tarixchilarning so‘zga chiqishlari rejalashtirilgan.
Toshkent modernizmining eng diqqatga molik binolaridan biri hisoblanmish O‘zbekiston davlat san’at muzeyi anjumanning o‘tkazish maskaniga aylanadi.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad Toshkentning modernistik merosini yoritishdan iborat. Tadbir, shuningdek, jahon tajribasini jamlab, shahar me’moriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha majmuaviy strategiyani amalga oshirish uchun g‘oyalar almashinuviga ko‘maklashishdan ham iborat.
Konferensiya dasturi modernizm merosini asrab-avaylash bilan bog‘liq keng ko‘lamli mavzularni o‘z ichiga qamrab oladi. Ilmiy munozaralar jamoat joylarining mohiyatini qayta anglash, Toshkent shahri nomzodini YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bilan bog‘liq imkoniyat va muammolarni ko‘rib chiqish hamda me’morchilik tarixini tanqidiy ko‘rib chiqishda madaniy muassasalarning rolini o‘rganishga xizmat qilish imkonini beradi.
“Toshkent dunyoning qayerida joylashgan?” konferensiyasi dasturi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Laboratorio Permanente” bilan hamkorlikda ishlab chiqilqan “madaniy yo‘lak” bo‘ylab o‘tkaziladigan ekskursiya bilan boshlanadi. Marshrut “Tashkent Modernism XX/XXI” loyihasida taqdim etilgan va madaniy meros inshootlari sifatida anglashiluvchi 20 tacha binolarni o‘zaro bogʻlaydi. iOS va Android foydalanuvchilar e’tiboriga uchun qoʻshimcha arxiv foto va video materiallarga ega boʻlgan 3 tildagi sayyohlik ilovasi havola etiladi.
Konferensiya o‘tadigan kunlarda istagan kishi ikki yillik izlanishlar natijasi bo‘lgan “Tashkent Modernism.Index” ko‘rgazma loyihasiga tashrif buyurishi mumkin.
Ilk bor ko‘rgazma 2023-yil aprel oyida Milanda triennale maydonlarida taqdim etilgan edi. O‘z kasbining ustalari bo‘lgan tomoshabinlarga Armin Linkening zamonaviy fotosuratlari hamda izlanishlardan darak beruvchi hikoyalar va modernistik obidalarni asrab qolish strategiyalarini ochib beruvchi arxiv hujjatlari taqdim etilgan edi.
“Tashkent Modernism.Index”ning Toshkentdagi taqdimoti kengaytirilib, arxiv hujjatlari hamda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi sara to‘plamlariga taalluqli 1960–80-yillardagi san’at asarlari bilan boyitiladi. Bu esa tashrif buyuruvchilarga ushbu davr madaniyati va me’morchiligiga chuqurroq sho‘ng‘ish imkoniyatini beradi.
“Tashkent Modernism XX/XXI” O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga binoan tayyorlangan ko‘lamdor ilmiy-tadqiqot loyihasidir. Me’mor Yekaterina Golovatyuk tomonidan asos solingan “Grace” Milan me’morchilik studiyasi loyiha muvofiqlashtiruvchisi bo‘ldi. Tadqiqot guruhi butun dunyodan jamlangan me’mor, tarixchi va yetakchi mutaxassislar, shu jumladan, san’atshunos va muhofiz Boris Chuxovich, “Laboratorio Permanente” va Milan politexnika universitetining Me’morchilik va urbanistika kafedrasidan iborat.
Toshkent modernizm tarixi 1966-yilda kuchli zilzila tufayli shaharning katta qismi vayron bo‘lgan paytdan boshlanadi. Butun Sovet Ittifoqi meʼmorlari mahalliy mutaxassislar bilan bahamjihatlikda Toshkentni qayta tiklash uchun sa’y-harakatlarni safarbar qilib, unda islom meʼmorchiligi uslublari va ilgʻor muhandislik yechimlarini oʻzida mujassam etgan meʼmoriy modernizmning betakror shaklini yaratadilar.
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi yillarda aksariyat saqlanib qolgan me’moriy meros inshootlari qarovsiz holda, qo‘shimcha qurilishlar bo‘lgan yoki buzilish xavfi ostida qoladi. Ko‘plab binolarning g‘oyib bo‘lish tahlikasi paydo bo‘lar ekan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi obyektlarning qadr-qiymati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish va ularni vayronagarchilikdan saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniyani boshlaydi.
2023-yil noyabr oyida Jamg‘arma Sharja me’morchilik triennalisida Toshkent modernizmiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani taqdim etadi. Me’mor Vael Al Avar Toshkentdagi uchta modernistik bino qurilganidan so‘ng tadrijiy o‘zgarganini aks ettiruvchi tadqiqotini taqdim etadi, bular – Davlat san’at muzeyi, “Zarafshon” restorani va “Samarqand” choyxonasi (hozirda “Oriental Classic Study” maktabi).
Toshkent modernizmiga bag‘ishlangan yana bir ko‘rgazma 2024-yilda Shveysariyaning Bazelidagi “S AM” me’morchilik muzeyida bo‘lib o‘tadi. “S AM” jamoasi va Yekaterina Golovatyuk muhofizlik qiladigan ko‘rgazma modernistik merosni asrab-avaylash bilan shug‘ullanuvchi boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Rizzoli” va “Lars Müller” nashriyot-matbaa uylari bilan birgalikda “Tashkent Modernism XX/XXI”ga bag‘ishlangan kitoblarni chop etadi.