Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri, mamlakat delegatsiyasi rahbari Arman Shakkaliyev Osaka shahrida o‘tayotgan EXPO–2025 doirasida O‘zbekiston pavilioniga tashrif buyurdi.

Mehmon uchun maxsus ekskursiya tashkil etilib, pavilion konsepsiyasi atroflicha tanishtirildi. Arman Shakkaliyev O‘zbekistonni nufuzli "Red Dot" mukofotiga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabriklab, pavilionning puxta o‘ylangan g‘oyasi mehmonlarga mamlakat haqida chuqurroq tasavvur berishini ta’kidladi. Vazirda ayniqsa harakatlanuvchi platforma, terassa arxitekturasi va NFC texnologiyalari joriy etilganligi katta taassurot qoldirdi.

Arman Shakkaliyev EXPO–2025 yakunlangach, pavilionni Nukusda qayta tiklash rejalari ham alohida e’tiborga loyiq ekanini qayd etdi. U bu tashabbusni O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va madaniy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi ezgu intilishlariga yorqin misol sifatida baholadi.

Tashrif nihoyasida Qozog‘iston vaziri O‘zbekiston pavilionining Faxriy mehmonlar kitobida iliq so‘zlar qoldirdi.