Dunyoning eng nufuzli san’at tadbirlaridan biri — “Art Bazel Parij” doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2026-yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan Toshkent Zamonaviy san’at markazi loyihasini taqdim etdi.

Mashhur “Studio KO” me’morchilik byurosi tomonidan yaratilgan installyatsiya markazning me’moriy konsepsiyasini – an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan makonni – namoyon etdi. Ekspozitsiyaning markazidan joy olgan Atelier Misto tomonidan bronza va jezdan yasalgan aylanma maket harakat, ochiqlik va ijod energiyasining timsoliga aylandi.

Ushbu tadbir 2026-yilda Toshkentda ochiladigan Zamonaviy san’at markazi sari muhim qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston zamonaviy san’ati jahon sahnasida o‘zining munosib, ishonchli va ilhom baxsh o‘rnini egallashga tayyor ekanini yana bir bor eslatdi.