Hindistonga tashrif davomida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari o‘zbekistonlik kashtachi Madina Kasimbayeva bilan birgalikda Mumbay shahrida joylashgan Chanakya hunarmandchilik maktabiga tashrif buyurdilar. Ular an’anaviy kashtachilik va to‘qimachilik san’atini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchi markaz hisoblangan maktab faoliyati bilan tanishib, uning ustalari bilan ham tajriba almashdilar.
Alohida e’tibor madaniy merosimizga hamohang bo‘lgan kashtachilik, shu jumladan, zardo‘zlik san’atiga qaratildi. Shuningdek, Madina Kasimbayeva so‘zana sir-asrorlari bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tomonlar qo‘shma mahorat darslari va madaniy hamkorlikni rivojlantirish orqali bilim almashinuvini davom ettirishga kelishib oldilar.