“Art Basel 2025” anjumani doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Moslashuvchan me’morchilik, san’at va madaniy xotira” mavzusida sho‘ba munozaralari bo‘lib o‘tdi. Muhokama markazida me’morchilik va san’at madaniy xotirani anglash va saqlashga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi masalasi bo‘ldi.

Alohida e’tibor Toshkent shahrida XX asr boshlaridagi tarixiy sanoat ishlab chiqarish binosida joylashadigan Zamonaviy san’at markazining yaqin kunlardagi ochilishiga qaratildi. Jamg‘arma tomonidan “Studio KO” me’morchilik byurosi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan mazkur beqiyos loyiha mintaqaning madaniy xaritasida yangi jozibador nuqtaga aylanadi.

Bahs-munozaralarda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, Zamonaviy san’at markazi badiiy direktori d-r Sara Raza, shuningdek, rassomlar Muhannad Shono va Shohruh Rahimovlar ishtirok etdilar.