23-may kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi sahnasida YUNESKO jahon san’at arbobi, SSSR xalq artisti Vladimir Spivakov boshchiligidagi Rossiya milliy filarmonik orkestrining xayriya konserti bo‘lib o‘tadi.
Vladimir Spivakov va Rossiya milliy filarmonik orkestri Moskva va Rossiyaning boshqa ko‘plab shaharlarida tomoshabinlar tomonidan allaqachon sevib qolingan dasturni taqdim etadi. Maestro uni “Fransiya parchasi” deb nomlagan. Vladimir Spivakov azaldan fransuz madaniyatining puxta bilimdoni sifatida shuhrat qozongan, endi esa u farang bastakorlarining durdona asarlarining nafis talqini bilan Toshkentda joylashgan musiqa shinavandalarini xushnud etadi.
Maestro boshchiligida torli va zarbli cholg‘u asboblari uchun Rodion Shchedrin tomonidan transkripsiya qilingan Jorj Bizening “Karmen” operasidan parchalar (“Karmen syuitasi”), Gabriel Forening “fransuz Shuman”ning Pavanasi – muhtasham saroy raqsi janriga murojaat; Jak Iberning “Parij” syuitasi – fransuz poytaxti bo‘ylab olti qismdan iborat qiziqarli musiqiy sayr hamda Moris Ravelning afsonaviy Bolero – bu muallifning onasi tomonidan bask, Iberiya madaniyatiga mansub bo‘lgan mashhur ishtiyoqini aks ettiruvchi asarlar yangraydi.
Vladimir Spivakov dastur haqida shunday hikoya qiladi: “Bu bizning musiqa yordamida Parijga amalga oshiruvchi sayohatimiz bo‘ladi. Fransiyani men yaxshi bilaman, u yerda ko‘p marotaba bo‘lib, ijro etganman, endilikda esa Fransiyani Toshkentga “olib kelmoqchiman”. Iber, Ravel, Fore asarlari va buyuk Mayya Plisetskaya raqsga tushgan Rodion Shchedrinning “Karmen syuitasi” ijro etiladi... Iberning “Parij” syuitasi juda yorqin manzaralardan iborat: shahar tevarak-atrofi, metro, “Il-de-Frans” paroxodi, Bulon o‘rmonidagi restoran, masjid va, shunchaki, ko‘cha shodiyonalari. Xemingueyning Parij har doim sen bilan yonma-yon bo‘lgan bayram ekanligi haqidagi fikrini davom ettirar ekanman, bu abadiy bayram hamdir”.
Xayriya konserti musiqa va madaniyat muassasalari o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshiriladi.
Kirish taklifnoma asosida.
Vladimir Spivakov – Rossiya milliy filarmonik orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori. Vladimir Spivakov musiqa san’ati va jamoat hayotining ko‘plab jabhalarida o‘zining serqirra iste’dodini yorqin namoyon etgan taniqli skripkachi va dirijyordir. Skripka sozandasi sifatida Vladimir Spivakov taniqli muallim, Moskva konservatoriyasi professori Yuriy Yankelevich huzurida tahsilida puxta ilmiy maktabni o‘tagan. 1960–70-yillarda Vladimir Spivakov nufuzli xalqaro tanlovlar sohibi bo‘lib, 1975-yilda AQSHdagi yakkaxon chiqishlaridan so‘ng musiqachining ajoyib xalqaro shuhrat pillapoyasi boshlanadi. 1979-yilda bir guruh hamfikr musiqachilar bilan Vladimir Spivakov “Moskva virtuozlari” kamera orkestrini yaratadi va uning bemisl badiiy rahbari, dirijyori va solistiga aylanadi. Vladimir Spivakovning solist va dirijyor sifatidagi keng qamrovli diskografiyasi 50 dan ortiq albomlarni o‘z ichiga olgan: uning aksariyat tasmalari “BMG Classics”, “RCA Red Seal”, “Capriccio” kabi yirik ovoz yozish studiyalari tomonidan muxlislar e’tiboriga havola qilingan. Uning ko‘plab tasmalari nufuzli mukofotlar, jumladan, “Diapason D’Or” va “Choc de la Musique” bilan taqdirlangan. Xususan, Alfred Shnittke, Rodion Shchedrin, Arvo Pyart, Isaac Shvarts, Vyacheslav Artyomov va boshqa ko‘plab zamonaviy bastakorlar o‘z asarlarini Vladimir Spivakov sharafiga bir necha bor bag‘ishlaganlar. 1989–2022-yillarda Vladimir Spivakov Kolmar (Fransiya)dagi Xalqaro musiqa festivaliga rahbarlik qilgan. 2003-yilda Vladimir Spivakov o‘zi asos solgan Rossiya milliy filarmonik orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijyori hamda Moskva Xalqaro musiqa uyining prezidenti hisoblanadi.
“San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi Rossiyadagi eng yirik notijorat tashkilotlardan biri hisoblanadi. Jamg‘arma 2006-yilda taniqli Rossiya va o‘zbekistonlik filantrop va metsenat Alisher Usmonov tomonidan madaniy merosni asrab-avaylash va takomillashtirish, ilmiy va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish hamda qulay madaniy muhitni yaratish maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yoʻnalishi madaniyat, taʼlim va sport sohasidagi, shu jumladan, xalqaro miqyosdagi ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarni xayriyaviy qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.
acdf.uz