Xitoy milliy ipak muzeyi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xanchjoudagi G‘arbiy ko‘l yonida joylashgan. Muzeyning ko‘rgazma maydoni: taxminan 1200 kv.m. Mazkur muzey Xitoydagi 6,000 ta muzey orasida 9-o‘rinni egallaydi.
Ko‘rgazmada Osiyoning turli mintaqalaridan 150 ga yaqin liboslar taqdim etiladi. Shuningdek, bosma, to‘quvchilik va kashtachilikning qadimiy uslubi vorislari bo‘lgan bir nechta hunarmandlar ham taklif etiladilar.
Ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad Osiyo mamlakatlari madaniyatining bir-birlariga o‘zaro ta’siri, ularning quruqlik va dengiz Ipak yo‘li orqali o‘zaro almashinivuni namoyish etishdan iborat.
O‘zbekiston ko‘rgazmada Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi va Samarqand muzey-qoʻriqxonasi sara to‘plamlariga mansub 20 ta muzey eksponatini taqdim etadi. Xanchjoudagi ko‘rgazmada an’anaviy o‘zbek so‘zanalari, chopon va zargarlik buyumlari namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan an’anaviy san’atning eng yaxshi namunalarini tomosha qilishlari mumkin.
26-sentabr kuni Xanchjou shahrida betakror oʻzbek gazlamalarini anʼanaviy ishlab chiqarish jarayoni namoyish etiladigan “Oʻzbekiston oqshomi” tadbiri boʻlib oʻtadi.
Shu kabi imkoniyat va tashabbuslar sharofati bilan O‘zbekiston o‘zining boy madaniyati va tarixiy merosini xalqaro jamoatchilikka namoyish eta oladi.
“Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi” anjumanida taqdim etiladigan O‘zbekiston muzeylari eksponatlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magi bilan tashkil etilmoqda.
Ko‘rgazma Xanchjou shahrida 2-sentabrda ochilib, 2023-yilning 12-noyabriga qadar davom etadi.