Oʻzbekistonga YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Amaliy safar doirasida Samarqandda shahar madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi Gayane Umerova, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov, Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov hamda Oʻzbekistonning YUNESKOdagi Doimiy vakili Kamol Muxtarovlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda madaniy meros sohasining yetuk mutaxassislari, jumladan, Madaniy meros agentligi, “Wilmotte & Associés” me’morchilik kompaniyasi vakillari va arxitektura sohasi ekspertlari ishtirok etdi. Xalqaro va mahalliy yetakchi mutaxassislarni birlashtirgan yigʻilishda madaniy obidalarning barqarorligini ta’minlash va ularni asrab-avaylashda tajriba almashish va ilgʻor jahon amaliyotini tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida Samarqandning betakror madaniy merosini muhofaza qilish va uning tarixiy markazini yanada koʻrkamlashtirishga qaratilgan diqqatga molik loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Ayniqsa “Shohi Zinda” ansambli, Ulugʻbek rasadxonasi va boshqa tarixiy yodgorliklarni obodonlashtirish konsepsiyalariga alohida eʼtibor berildi.