Toshkent, O‘zbekiston – 2024-yil 21-may. 25-may kuni Italiyaning Rim shahridagi Bonapart saroyida moda olamidagi eng mashhur fotosuratchilardan biri Mario Testinoning “Go‘zal dunyo” (A Beautiful World) ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi.
“Ushbu loyiha yaratilgan lahzadan buyon men uni “Go‘zal dunyo” deb atash zarurligini his etdim, chunki ilgari bo‘lmagan joylarda ko‘rkamlikning yangi turlarini kashf qildim. O‘z sayohatlarim davomida shuni angladimki, agar mamlakat o‘z tarixi va an’analari o‘rtasidagi rishtani yo‘qotsa, chinakamiga nimadir bebaho narsa yo‘qotiladi. O‘zbekiston o‘zining boy madaniy va tarixiy hikoyanavisligi bilan meni lol qoldirdi va bu jihatlar ko‘rgazma loyihamda o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga uning qo‘llab-quvvatlovi uchun o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman”. – Mario Testino, fotosuratchi.
So‘nggi yetti yilni Testino moda olamidan tashqarida yangi mavzularni izlab topishga bag‘ishladi, bu esa uning ijodiy shuhrat pillapoyasining yangi bosqichiga yetakladi. O‘z ishining mohir ustasi o‘z ilhomini mamlakatlarning madaniy qadriyat tizimlaridan topdi. 2017-yildan buyon u 30 dan ortiq mamlakatlarga sayohat qilib, mintaqalarning madaniy xususiyatlari, ularning qadimiy anʼanalarga sodiqligi hamda tobora shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyoda har birining betakrorligini tadqiq etdi.
“Oʻzbekistonning madaniy va anʼanaviy merosi mohirona tasmaga tushirilgan Mario Testino nigohidagi fotosuratlar “Go‘zal dunyo” koʻrgazma loyihasining namoyish buyumlari sifatida xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi. Bu chet ellik tomoshabinlarga mamlakatimiz turli hududlarining madaniy va tarixiy boyligini aks ettiruvchi noyob kadrlardan bahramand bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi. Loyiha globallashuv sharoitida milliy an’analarni asrab-avaylash va ommalashtirish naqadar muhim ahamiyat kasb etishini namoyish etadi. O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki bizning jahon madaniy muloqotiga hissamiz va san’atni qo‘llab-quvvatlash sari intilishlarimizga urg‘u beradi”, — Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.
Ko‘rgazmada Mario Testinoning O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirgan ekspeditsiyalari mobaynida suratga olgan asarlari namoyish etiladi. O‘zining ilk tashrifida fotosuratchi Toshkent, Buxoro va Xivada ish olib bordi. 2024-yilning fevralida Testino Samarqandda suratga olish uchun O‘zbekistonga qaytadi. Ekspozitsiyadan Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Buxoro kelinlari hamda kurash polvonining suratlari o‘rin olgan.
24-may kuni omma uchun ochilish marosimi arafasida vernisaj bo‘lib o‘tdi. Tadbirning maxsus mehmoni O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bo‘ldi. Ismoilov sozandalar bilan birgalikda g‘ijjak, rubob va doirada an’anaviy o‘zbek milliy taronalarini ijro etdi.
Ko‘rgazma 2024-yilning 25-mayidan 25-avgustiga qadar Bonapart saroyida san’at ixlosmandlari uchun muntazir bo‘ladi. Loyiha “Arthemisia” shirkati tomonidan “Domus Artium” bilan hamkorlikda, shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, “Art Partner” va “Generali Valore Cultura” madadi bilan tayyorlanib, badiiy takomiliga yetkazilgan.