59-Xalqaro San’at Ko‘rgazmasi, Venetsiya “Dixit Algoritmi – Bilimlar Bog‘i”
(2022-yil 27-aprel – 27-noyabr)

2022-yil aprel oyida Jamg'arma 59-Xalqaro La Biennale di Venezia San’at Ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekistonning birinchi Milliy Pavilyonini tashkil etdi. Ushbu loyiha Muhammad al-Xorazmiy merosiga, xususan, Xiva (hozirgi O‘zbekiston hududi) bilan bog‘liq ilmiy asosiy ishlariga zamonaviy badiiy yondashuv orqali yangicha nazar tashlaydi.
“Dixit Algoritmi – Bilimlar Bog‘i” loyihasi zamonaviy texnologiyalar haqidagi kelib chiqish rivoyatlari va qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga chorlab, ularning unutilgan ildizlari hamda uzoq makon va zamonlar, madaniyatlar bilan bog‘liq nozik uyg‘unliklarini yoritadi. Loyiha italiyalik me’mor va kurator Jozef Grima tomonidan ishlab chiqilgan.

Sakkiz oy davomida pavilyon maydoni butun dunyodan tashrif buyuradigan rassomlar, olimlar, tadqiqotchilar uchun o‘zaro almashinuv markaziga aylanadi. Har oy tashkil etiladigan ochiq dasturlar davomida ishtirokchilar yangi g‘oyalar, yangi fikrlar yaratadi hamda zamonaviy san’atga oid ko‘plab savollarga yechim izlaydi. keng jamoatchilikka mo‘ljallangan dasturdan tashqari, mehmonlar Charli Tapp va mahalliy an’anaviy musiqachi Abror Zufarov tomonidan yaratilgan ovozli muhitni immersiv tarzda his qilish imkoniga ega bo‘ladi.

 

O‘zbekistonning birinchi ko‘rgazmasi “O‘zbekiston vohalarining boy merosi: Karvon yo‘llari chorrahasida”
Luvr muzeyi, Parij (2022-yil 23-noyabr – 2023-yil 6-mart)

Jamg'arma tomonidan Parijdagi Luvr muzeyida O‘zbekistonning tarixiy merosiga bag‘ishlangan yirik ko‘lamli ko‘rgazma tashkil etildi. Bu — Luvr muzeyidagi O‘zbekistonning ilk ko‘rgazmasi bo‘lib, unda O‘zbekistonning yetakchi muzeylari to‘plamidan 170 ta eksponat namoyish qilindi. Fransiya va O‘zbekiston mutaxassislari artefaktlarni restavratsiya qilish va ko‘rgazmaga tayyorlash ustida hamkorlikda ish olib bordi.

2018-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Luvr muzeyi o‘rtasida Hamkorlik va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.


O‘zbekiston amaliy san’atining birinchi ko‘rgazmasi “Samarqand sari yo‘llar. Ipak va oltin mo‘jizalari”
Arab dunyosi instituti, Parij (2022-yil 23-noyabr – 2023-yil 4-iyun)

Jamg'arma XIX–XX asrlarga oid O‘zbekiston to‘qimachilik va amaliy san’at namunalari asosida yirik ko‘lamli ko‘rgazmani taqdim etdi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston muzeylaridan olingan noyob eksponatlar hamda Savitskiy muzeyining asarlari namoyish qilindi.

Ekspozitsiyada qariyb uch yuzdan ortiq noyob buyumlar — amir saroyining hashamatli choponlari va zar tikilgan aksessuarlari, qo‘lda bo‘yalgan yog‘och egarlar, firuza bilan bezatilgan kumush jilovlar, betakror suzanilar, gilamlar, shoyi ikatlar, zargarlik buyumlari hamda ko‘chmanchi qabilalarga mansub kiyimlar o‘rin oldi.


Berlin Ko‘rgazmalari

“O‘zbekistonning arxeologik xazinalari: Iskandar Zulqarnayn davridan Kushonlar imperiyasigacha” ko‘rgazmasi 2023-yil 4-maydan 2024-yil 14-yanvargacha namoyish etildi. Unda O‘zbekistonning 9 ta muzeyi to‘plamidan olingan 283 ta eksponat taqdim qilindi.

Ko‘rgazma Markaziy Osiyoga Iskandar Zulqarnaynning kirib kelishi (mil. av. IV asrning ikkinchi yarmi)dan boshlab Kushonlar hokimiyatining tugashiga qadar (mil. IV asr) bo‘lgan davrni qamrab oladi. O‘zbekiston muzeylaridagi ko‘plab nodir asarlar ilk bor xorijda namoyish qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi — keng Yevropa jamoatchiligi uchun hali yaxshi tanish bo‘lmagan Markaziy Osiyo tarixining boy madaniy manzarasini komprehensiv ko‘rinishda ochib berishdir.

Neues Muzeyida ko‘rgazma Berlin davlat muzeylari to‘plamidagi eksponatlar bilan boyitildi. Ko‘rgazmaning birinchi qismi Iskandar Zulqarnaynning Gretsiyadan Markaziy Osiyoga bo‘lgan yurishiga bag‘ishlanib, arxeologik topilmalar video materiallar va medial komponentlar bilan to‘ldirildi.
Ikkinchi qism esa Jeyms Saymon galereyasida namoyish etilib, Kushonlar imperiyasining shahar madaniyati, zardushtiylik va buddizmga alohida e’tibor qaratishi hamda san’atdagi ijodiy taraqqiyoti mavzulariga bag‘ishlandi.