O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili Lord Jon Olderdayz o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida madaniyat, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Suhbat davomida Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyadagi yetakchi britan muassasalari bilan amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan qo‘shma tashabbuslar alohida qayd etildi. Xususan, muzey va ko‘rgazma loyihalari, akademik hamkorlik yo‘nalishlari hamda ta’lim dasturlari ikki tomonlama aloqalarning muhim ustunlari sifatida e’tirof etildi. Tomonlar professional almashinuvni yanada kuchaytirish, tajriba va bilimlar integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror sheriklik uchun mustahkam platformalar yaratish zarurligini ta’kidladilar.