YUNESKO Ijroiya kengashi raisi d-r Nasser bin Hamad Ol Hinzab Toshkentdagi qator madaniyat o‘choqlari va an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, madaniy merosni asrab-avaylash, hunarmandchilikni rivojlantirish va yosh ijodkor mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar bilan tanishdi. Shuningdek, u mintaqadagi eng yirik muzey loyihalaridan biri hisoblanmish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi.

Tashrif doirasida mehmonga “Namuna” badiiy qarorgohi va “Naqsh” hunarmandchilik maktabining faoliyati, amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari, xalqaro ijodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda rassomlar, hunarmand va dizaynerlarning yangi avlodini kamol toptirishga qaratilgan loyihalar tanishtirildi.

Nasser Hinzab Madina Kasimbayevaning so‘zana kashtachilik maktab-ustaxonasida ham hozir bo‘lib, amaliy bezak san’atining ushbu betakror turiga mansub an’analar, zamonaviy mualliflik namunalari va yosh ustalarni tayyorlash dasturlari bilan tanishdi. Mehmon O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash va an’anaviy hunarmandchilikni yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslarni yuksak baholadi.