“Art Basel” haftaligi doirasida “Fondation Beyeler”da “Madaniy ko‘priklarni barpo etish” mavzusida sho'ba muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir “Buxoro biyennalesi – 2027” badiiy muhofizi, “WHY Architecture” asoschisi va muzey hamda madaniy me’morchilik sohasidagi dunyoning yetakchi mutaxassislaridan biri bo‘lgan Kulapat Yantrasastning yangi lavozimdagi ilk ommaviy chiqishi bo‘ldi.

Muhokamada Buxoro biyennalesi tashabbuschisi va O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, Kulapat Yantrasast, shuningdek, Buxoro biyennalesi Maslahat kengashi a’zosi hamda “Cartier” Zamonaviy san’at jamg‘armasi bosh direktori Kris Derkon ishtirok etdi. Suhbatga Buxoro biyennalesi Maslahat kengashi a’zosi, san’at va madaniyat sohasidagi xalqaro strateg doktor Aliya Al-Senussi moderatorlik qildi.

Sho'ba ishtirokchilari biyennalening konsepsiyasi va istiqbolli qarashlari, uning shahar muhitini shakllantirish hamda yangilashdagi o‘rni, shuningdek, madaniy merosni asrab-avaylash, xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlash va bugungi ijtimoiy hamda ekologik muammolarga yechim topishda fanlararo hamkorlikning ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar.