O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi mezbonlik qiladigan “EXPO 2030 Riyadh” butunjahon ko‘rgazmasi maydoniga tashrif buyurib, loyihaning bosh rejasi va O‘zbekiston milliy pavilioni uchun ajratilgan joy bilan tanishdi.
Tashrif doirasida “EXPO 2030 Riyadh” ko‘rgazmasining xalqaro ishtirokchilari masalalari bo‘yicha direktori Abdulla bin Ol Xamis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston milliy pavilionining joylashuvi, uning dastlabki mavzuga oid yo‘nalishi va ko‘rgazmada ishtirok etishga tayyorgarlikning kelgusi bosqichlarini muhokama qildilar. Saudiya tomoni, shuningdek, Osakadagi “EXPO 2025” ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilionini yuksak baholab, loyihaning yuqori saviyada amalga oshirilganini ta’kidladi.
Muloqotda alohida e’tibor milliy pavilionning ko‘rgazma yakunlangandan so‘ng taqdiriga qaratildi. Tomonlar bo‘lajak pavilion negizida madaniy merosni targ‘ib etish, madaniy diplomatiyani yuksaltirish hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lida doimiy maskanni barpo etish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.