O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Dohada Afg‘onistonning 5 ming yildan ortiq tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan “Empire of Light” nomli ko‘rgazmaning ochilishida ishtirok etdi.
Jamg‘arma raisi hamkorlar — shayx Ol-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy Xonim Oliyalari va Og‘a Xon madaniyat vaqfi jamg‘armasiga ko‘rgazmaning ochilishi munosabati bilan tabriklarini izhor etdi.
Ekspozitsiya Afg‘onistonni asrlar davomida tamaddunlar, dinlar va an’analar kesishgan, mintaqaning betakror merosini shakllantirgan va uni asrab-avaylashning bugungi kundagi ahamiyatini ta’kidlagan madaniy markaz sifatida ochib beradi. Ko‘rgazmaning alohida bo‘limi Temuriylar davrida gullab-yashnagan san’atga bag‘ishlangan: unda XV asrga oid Hirot shahrida barq urgan miniatyura, xattotlik va saroy madaniyatining ravnaqini aks ettiruvchi rasmli qo‘lyozmalar va kitob san’ati asarlari namoyishga qo‘yilgan.