Mobiuz mobil aloqa operatori va O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimiz madaniy merosini ommalashtirish, ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy o‘zbek san’atini targ‘ib qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Memorandumni Mobiuz bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yoqubjon Saydaliyev hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Saidaziz Ishanxodjayev imzoladilar.
Memorandum qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish, tadbirlar va ta’lim dasturlarini tashkil etishni nazarda tutadi. Hamkorlik, shuningdek, ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy merosni asrab-avaylash va O‘zbekistonning zamonaviy san’atini rivojlantirishga qaratilgan.