9-aprel — Amir Temur tavallud topgan kunda — Vena shahridagi mashhur “Musikverein” sahnasida Georg Fridrih Gendelning “Tamerlano” operasi konsert ijrosida namoyish etildi. Ramziy ma’noga ega jihati shundaki, asarning premyerasi aynan shu sanada bo‘lib o‘tdi. Opera zamonaviy talqinda yangicha sahnalashtirilib, uning dramaturgiyasi va musiqiy tuzilmasi yangi badiiy qirralarda namoyon bo‘ldi.
Buyuk sarkarda siymosidan ilhomlangan ushbu opera Vena san’at makonida o‘ziga xos yangi jarang kasb etdi. Mazkur chiqish loyiha tarixida konsert shakliga mustaqil akademik ifoda sifatida murojaat etilgan ilk tajriba bo‘ldi.
Loyihaning betakror badiiy qiyofasini Kirill Rihterning talqini yanada boyitdi. Operani Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi hamda jahon sahnasining yetakchi solistlari — Jenisbek Piyazov, Xuan Sancho va Olga Peretyatko ijro etdilar. Premyera xalqaro konsert amaliyoti doirasida muhim madaniy voqea sifatida e’tirof etildi.