1-may kuni Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida Rossiya xalq artisti, pianinochi Sergey Jilinning mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv jonli muloqot doirasida bo‘lib o‘tib, unda S.Jilin o‘zining kasbiy ijod yo‘li, musiqadagi ilk qadamlari, turli musiqiy maktablar va an’analarning ta’siri haqida so‘zlab berdi.
Amaliy qism davomida Jilin ijrochilik mahoratining nozik jihatlarini namoyish etib, marom, garmoniya, dinamika va ovozga sayqal berish kabi sir-sanoatlarga e’tibor qaratdi. Mahorat darsi ishtirokchilari san’atkor oldida chiqishlar qilib, qimmatli maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.