Osakada o‘zbek delegatsiyasining Nara shahri meri Gen Nakagava hamda Nara milliy muzeyi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 2027-yilda Yaponiyada O‘zbekiston muzeylari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan keng ko‘lamli ko‘rgazma tayyorgarligiga bag‘ishlandi.
Muloqot davomida 200 dan ortiq eksponatni, jumladan O‘zbekistondan olib boriladigan noyob arxeologik topilmalarni birlashtiruvchi ekspozitsiya konsepsiyasi muhokama qilindi. Shuningdek, ko‘rgazmani tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Nara milliy muzeyi ishchi guruhining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi alohida e’tirof etilib, loyiha tayyorgarligining muhim bosqichi sifatida qayd etildi.
Yaponiyaning yetakchi muzeylaridan birida mazkur ko‘rgazmaning o‘tkazilishi o‘zbek-yapon madaniy hamkorligining, xususan, madaniy merosni asrash va targ‘ib etish yo‘lidagi aloqalarning yuksak ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Tomonlar kelgusida ham hamkorlikni izchil davom ettirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.