Nukusdagi Orol maktabining rasmiy ochilishi butun kun davomida o‘zaro tanishuvlar, taqdimotlar va tajriba almashinuvlardan iborat dasturning debochasi bo‘ldi.
Ochilish marosimida o‘z tabrik so‘zlari bilan:
— O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov,
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi Muratjon Atamuratov va
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rasul Zarikeyev so‘zga chiqdilar.
Ular o‘z nutqlarida Orol maktabining mintaqa uchun uzoq muddatli ma’rifiy va tadqiqot tashabbusi sifatidagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Iliq so‘zlardan so‘ng, tadbirlar tafsilotlari xususida Orol maktabining dastur direktori Yan Bolen va Orol madaniyat sammiti direktori Anastasiya Sinitsina ushbu maktabning pirovard maqsadlari, metodologiyasi va faoliyat tamoyillari haqida hikoya qilib berdilar. Birgalikda ular hamkorlik, ilmiy izlanishlar va mintaqaviy o‘ziga xoslikka asoslangan umumiy yondashuvni belgiladilar. Tadbir ustoz murabbiylarning turli ixtisosliklar bo‘yicha dastlabki qarashlari havola etilgan va kelgusi oylar uchun intellektual poydevor qo‘yilgan taqdimotlari bilan davom etdi.