6-oktabr kuni O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov Iordaniyaga amaliy tashrifi doirasida Iordaniyaning Amman shahrida ushbu mamlakatning davlat va madaniyat muassasalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Malika Rania Al Abdulla Hazrati Oliyalari kotibiyati mudiri Lama Nabulsi va Iordaniya daryosi jamg‘armasi bosh mudiri Enaam Barrishi bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida madaniy va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish, kasbiy almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Iordaniya Osori atiqalari ma’muriyati bosh mudiri o‘rinbosari Lina Bakkar bilan uchrashuvda madaniy merosni asrab-avaylash va o‘rganish, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish hamda ikki mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Milliy madaniyat va san’at markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar qo‘shma madaniy va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, professional almashinuvni rivojlantirish va O‘zbekiston va Iordaniya madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.